O‘zbekiston | 14:31 / 11.03.2019
6646
3 daqiqa o‘qiladi

«Muhim axborotlar sirligicha qolib ketmoqda». ​​O‘zMMM raisi davlat va xo‘jalik tashkilotlariga murojaat qildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Milliy matbuot markazi raisi​ Shavqiddin G‘aniyev​ vazirlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga ochiq murojaat qilib, ularning ayrimlarini xorij «tajribasidan samarali foydalanma​yotgan»likda aybladi. 

G‘aniyevning ta'kidlashicha, Yevropa davlatlarida vazirlar har kunlik ishini matbuot markazlarda boshlaydi: ular jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan voqea-hodisalar, tanqidiy munosabat bildirilgan yoki keng muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘zining munosabatini bildiradi.

«Lekin negadir hurmatli rahbarlar, Siz bu tajribadan samarali foydalanmaysizlar», — deya Shavqiddin G‘aniyev so‘zlarini keltiradi O‘zA.

​​Uning ta'kidlashicha, ayrim tashkilot va vazirlik rahbariyatining faolligini inobatga olmasa, boshqa rahbarlar «ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar» hamda «amalga oshirilayotgan tub burishlar haqida to‘laqonli ma'lumotlar» bera olmayapti. 

«​​​Natijada keyingi ikki yil davomida mamlakatimizning barcha jabhasini birdek qamrab olgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida, Davlat dasturlarining bajarilish jarayonlari va belgilangan chora-tadbirlar, ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan muhim axborotlar sirligicha qolib ketmoqda​», — deya ta'kidlaydi u ochiq murojaatda. 

​G‘aniyev odamlar, jurnalistlar, shu jumladan, blogerlar rahbarlar aytmagan axborotlarni yot, shubhali manbalardan izlabgina qolmay, topib ham olayotganiga e'tibor qaratgan.

«​Shahar darvozasini yopish mumkin, lekin informatsiyani yopib bo‘lmaydi. Kundan-kunga shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon uzuq-yuluq javoblar bilan qanoatlanmay qolganligi ham hech kimga sir emas», — deydi u.

​Shavqiddin G‘aniyev jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgan voqea-hodisalar, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan kechiktirmasdan, rahbarlar o‘z qat'iy yondashuvini ma'lum qilish​iga chaqirgan.

«Jurnalistlarda, shu jumladan, blogerlarda tug‘ilayotgan savollarga aniq va asosli javobingizni qaytarishingiz kerak», — deydi u.