Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini mahalliy xalqaro aeroportda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlandi.
Davlat rahbari bundan uch yil avval hududga tashrifi chogʻida aeroportni modernizatsiya qilish boʻyicha qator topshiriqlar bergandi. Oʻtgan yilgi tashrif davomida ham rekonstruksiya jarayonini shaxsan koʻzdan kechirgan.
Aeroport 1978-yilda ishga tushirilib, 2013-yilda unga xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 243,4 gektar boʻlgan obyektda 100 nafar xodim mehnat qiladi. Vaqt oʻtishi bilan havo bandargohini zamon talablariga moslashtirish, yoʻlovchilar uchun qulayliklarni oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish zarurati yuzaga keldi.
Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion soʻmni tashkil etadi. Birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Uchish-qoʻnish yoʻlagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr boʻlgan yangi 4E toifali yoʻlak barpo etildi. Shuningdek, 10 ta havo kemasiga moʻljallangan toʻxtash joylari va rullash yoʻlaklari qurildi.
Qurilish sifati va obyektning uzoq muddat xizmat qilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Uchish-qoʻnish yoʻlagiga 50 yilgacha xizmat qilishga moʻljallangan mustahkam sement-beton qoplamasi yotqizildi. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimi oʻrnatildi. Bu aeroportga tungi vaqtda va quyuq tuman sharoitida ham havo kemalarini xavfsiz qabul qilish imkonini beradi. Koʻrish masofasi 300 metrgacha qisqarganda ham samolyotlar qoʻna oladi. Endilikda aeroport keng fyuzelyajli yirik havo kemalarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyatiga ega.
Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Uning doirasida umumiy maydoni 19 ming 685 kvadrat metr boʻlgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi barpo etilmoqda. Ilgari aeroport soatiga 200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, yangi terminal ishga tushgach, bu koʻrsatkich besh barobar oshadi. Aeroport hududida yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmogʻi va aqlli xizmatlar joriy etiladi.
Davlat rahbariga aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi taqdimot qilindi. Prezident zamonaviy terminal binosini belgilangan muddatda va sifatli qurib bitkazish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berdi.























