O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “O‘zbekiston ekologik partiyasi va yoshlar – maqsad, reja, natija” mavzusida onlayn vebinar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari hamda Ekologik partiyaning hududiy bo‘linmalari mas'ul xodimlari, hududiy boshqarma, tashkilot va oliy ta'lim muassasalarining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, ko‘ngilli yoshlar qatnashdi.
Vebinarda mamlakatimizning bugungi kundagi ekologik vaziyati, atrof-muhitni asrash borasida olib borilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari, ekologik rivojlanishda yoshlar ishtirokining ahamiyati keng muhokama etildi.


—Hozirda Yer yuzida 1,5 mlrd aholi sanitariya normalariga binoan xavfsiz ichimlik suviga ega emas. Har kun dunyoda 5 ming kishi ifloslangan ichimlik suvidan foydalanish oqibatida olamdan ko‘z yumadi. 2025 yilga qadar suv tanqisligidan 2 mlrd. aholi aziyat chekish ehtimoli bor, – deydi O‘zbekiston ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov.
Shuningdek, insoniyat bir yil davomida iste'mol etadigan energiyani Quyosh bir soatda berishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining tatbiq etilishi natijasida Yer yuzida hozirda 2,5 mln. kishi ish bilan ta'minlangani haqida ma'lumotlar berildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov suv resurslarini samarali taqsimlash dunyoning barcha mintaqalari uchun dolzarb muammo ekanligini alohida ta'kidladi. Ochiq suv oqimlari bo‘lgan davlatlar o‘z hududlari chegarasida transchegaraviy suv oqimlaridan umume'tirof etilgan xalqaro huquq tamoyillari va me'yorlari bo‘yicha foydalanishi shartligini aytib o‘tdi.
Muloqotda yurtimizda sohaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar, ona tabiatni asrash, kelgusi avlodlarga bekam-u ko‘st yetkazishda yoshlar yetakchilarining o‘rni va vazifasi hamda bugungi kundagi orol muammosi haqida fikr-mulohazalar yuritilib, aholining ekologiyaga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabati va undan kelib chiqayotgan salbiy illatlarni oldini olish masalasi o‘rtaga tashlandi. Jumladan, Orol dengizi inqirozi bilan vujudga kelgan ekologik muammolar va dengizning qurigan qismida maydoni 5,5 mln. ga bo‘lgan yangi cho‘l – Orolqum bilan bog‘liq taqdimotlar namoyish etildi.
















