Fevral oyida internetda Navoiy shahridagi ixtisoslashtirgan madaniyat maktabi yotoqxonasidagi o‘quvchilarning ommaviy kaltaklanishi aks etgan video tarqalgan, keyinroq bu voqea 2018 yilning kuzida sodir bo‘lgani ma'lum qilingandi.
Navoiydagi maktab yotoqxonasida o‘quvchilar kaltaklangani videosi tarqaldi. Aslida nima bo‘lgan?
Jabranuvchilarning biri tomonidan tomonidan ma'lum qilinishicha, maktab eshigi sinib qolgani, o‘quvchilar yotoqxonasida uyali telefon yo‘qolishi va hojatxonada unitazning sinishi Navoiy shahridagi ixtisoslashtirgan madaniyat maktabi quyi bosqich o‘quvchilarning do‘pposlanishiga sabab bo‘lgan.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Navoiy shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabida o‘quvchilarning kalataklanishi yuzasidan olib borilgan surishtiruv va aybdorlarga ko‘rilgan huquqiy choralar yuzasidan Kun.uz tahririyatiga ma'lumot taqdim etdi.
«2018 yilning 14 oktabr kuni soat taxminan 22:30da, Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining yotoqxonasiga o‘quvchilar orasidan tartib intizomni ta'minlash uchun mas'ul qilib qo‘yilgan ushbu maktabning 3-bosqich, 5/16-guruh o‘quvchisi Aziz Bobonazarovich Suvonov, o‘zi bilan birga tahsil olayotgan Xoliqov Husniddin Baxriddin o‘g‘li va Shaxzod Hamidboyevich Abduvohidov bilan birgalikda yotoqxonaning 3-qavatidagi 305-sonli xonaning kirish eshigi singanini ko‘rib, ushbu eshikni kim tomonidan sindirilganini aniqlash maqsadida, 3-qavatda yotoqxonada uxlab yotgan 1-2 bosqich o‘quvchilarini o‘zboshimchalik bilan yotoqxona koridoriga to‘plab, ularga o‘zlarini go‘yoki ushbu masala yuzasidan holatga aniqlik kiritadigan shaxs sifatida ko‘rsatib, ularga baqirib, yotoqxonada o‘rnatilgan tartib-intizom va yurish-turish qoidalarini mensimasdan, 305-sonli xonaning eshigini kim sindirganini so‘raganida pastki bosqichdagi o‘quvchilarning hech biri ushbu eshikni sindirganini tan olmagach, ularga jismoniy tazyiq o‘tkazish maqsadida baqirib, shovqin ko‘tarib, san'at maktabining boshqa 3-kurs o‘quvchilari ham to‘planishiga erishib, ularning ko‘z o‘ngida A.Suvonov, Sh.Abduvoxidov va X.Xoliqov qo‘llari bilan kichik bosqichdagi o‘quvchilarning ko‘krak qismiga, yelkasiga, qorniga, bo‘yin qismiga urib, o‘zlarining bu harakatlari bilan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan mayda bezorilik harakatlarini sodir etishgan.


















