O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 30 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi 353-1-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

2-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi»;

4-modda quyidagi tahrirda bayon etildi:

«4-modda. Fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari

Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:

o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish;

atmosfera havosining holati hamda uni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli davlat organlaridan o‘z vaqtida va ishonchli axborot olish;

atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillarning zararli ta'sir ko‘rsatishi tufayli o‘z sog‘lig‘iga va mol-mulkiga ziyon yetkazilgan hollarda zararning o‘rni qoplanishi;

atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishni va jamoatchilik ekologik ekspertizasini amalga oshirishda ishtirok etish.

Fuqarolar:

atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

atmosfera havosining ifloslanishiga, kamayishiga va unga fizikaviy omillarning zararli ta'sir ko‘rsatishiga olib keluvchi harakatlarni sodir etmasligi shart»;

quyidagi mazmundagi 5-1-5-4 moddalar bilan to‘ldirildi:

«5-1-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari