Ushbu turnir Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

O‘zbekiston shifokorlari o‘rtasida futbol, ayniqsa, eng ommalashgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatning futbol bo‘yicha shifokorlar terma jamoasi bir necha yillardan beri futbol bo‘yicha shifokorlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazib kelinadigan Jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli qatnashib keladi. 2018 yildan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi homiylikni o‘z zimmasiga olib, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgani jamoani yanada ruhlantirmoqda.
Bu haqda joriy yilning 25 – 30 mart kunlari Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Ukraina shifokorlarining futbol jamoalari ishtirokida o‘tadigan “Doctors Community Cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yil mart oyi boshidan buyon haftaning har shanbasida Respublika yurish kuni, Respublika yurish marofoni kabi ommaviy tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Mazkur xalqaro turnir ham ushbu sa'y-harakatlarning uzviy davomidir. Ya'ni, sog‘liqni saqlash muassasalari tibbiyot xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shifokorlar o‘rtasida millionlar o‘yini bo‘lgan futbolni ommalashtirish, dunyo hamjamiyati shifokorlari o‘rtasida yurtimiz shifokorlarining obro‘si va imidjini oshirish, chet ellik shifokorlarga yurtimizning diqqatga sazovor joylari va turistik salohiyatini namoyish qilish maqsadida “Doctors Community Cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri tashkil etilmoqda.
Musobaqa reglamentiga asosan, o‘yinlarda 25 yoshdan katta bo‘lgan, mutaxassisligi va fuqaroligidan qat'i nazar, shifokorlik diplomiga ega bo‘lgan xodimlar ishtirok etadi. Turnirda O‘zbekiston terma jamoasidan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belorus, Ukraina terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Bundan tashqari, turnirga Fransiyada joylashgan Jahon sog‘liqni saqlash xodimlari Olimpiya o‘yinlari assotsiatsiyasi vakili Giyom Gassend ham taklif etilgan.

















