Rossiyaning eng boy ayollaridan biri uchragan aviahalokatning ehtimoliy sababi ma'lum qilindi
Germaniya parvozlar xavfsizligi xizmati vakili S7 Group xoldingi egalaridan biri, Rossiyaning 4-raqamli eng boy ayoli Nataliya Fileva Germaniyada uchragan aviahalokatning ehtimoliy sababini ma'lum qildi.
Aviahalokat 31 mart kuni Epic xususiy samolyotining Frankfurt-Mayndagi aeroportga qo‘nishi vaqtida yuz bergan. Halokatda Fileva, uning otasi va uchuvchi halok bo‘lgani ma'lum qilingan. Biroq hozircha bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagan. Samolyot qulagandan keyin butkul yonib ketgan. Jasadlarning shaxsini o‘rnatish joriy haftada o‘tkaziladi.
Taxmin qilinishicha, uchuvchi samolyotni burish vaqtida nazoratni yo‘qotgan. Ta'kidlanishicha, samolyot “bevosita qo‘nish oldidan” qulagan. Uchuvchi halokat vaqtida DFS radiolokatsion boshqaruv tizimi ko‘rsatmalariga amal qilmay, samolyotni vizual parvoz qoidalariga ko‘ra boshqargan.
Biznes-jyet S7 Group tarkibiga kiruvchi “Globus” aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan. 55 yoshli Fileva otasini Germaniyaga davolash uchun olib ketayotgan bo‘lgan. Forbes nashri 2018 yilda uning boyligini 600 mln dollarga baholagan.
Filevaga tegishli xolding 2019 yilgacha S7 Group deb atalgan, hozirda uning nomi S7 AirSpace Corporation bo‘lib, aviatashuvlar bajarish, sayohatlarni tashkillashtirish, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, aviatsiya xodimlarini o‘rgatish, raketalarni uchirish va kosmik obektlarni orbitaga olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi 15 ta kompaniyani, jumladan S7 Airlines brendi ostida parvozlarni amalga oshiruvchi “Sibir” aviakompaniyasini, S7 Tour turistik kompaniyasini o‘z ichiga oladi.