Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari 3 mingga yaqin rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalarni bir vaqtning oʻzida uch yilga uzaytirishga kelishib oldi - bu Yevropa Ittifoqining sanksiyalar rejimi uchun misli koʻrilmagan uzoq muddat boʻlib, ilgari u har yarim yilda qayta koʻrib chiqilar edi.

Reuters nashrining taʼkidlanishicha, elchilar Rossiyaning ikki taniqli ishbilarmoni - Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni roʻyxatdan chiqarishga qaror qilingandan keyingina murosaga keldi.

Bu qanday yuz berdi?

Tashabbuskor Fransiya boʻldi, u sentabr oyi boshida ittifoqning boshqa aʼzolari uchun kutilmaganda milliy xavfsizlik nuqtai nazarini roʻkach qilib, Usmonovdan sanksiyalarni olib tashlashni yoqlab chiqdi. Diplomatik manbalarga koʻra, haqiqiy sabab kamida ikki nafar Fransiya fuqarosi hibsga olingan Ozarboyjonning bosimi boʻlishi mumkin.

Parijdan keyin Lyuksemburg ham Fridman uchun xuddi shunday shartlarni talab qildi - tadbirkor oʻz aktivlari muzlatilgani sababli mamlakatga qarshi 16 milliard dollarlik daʼvo qoʻzgʻatgan va rasmiylar sanksiyalarning saqlanib qolishi sud muhokamasida ularning mavqeini zaiflashtirishidan xavotirda edi.

Kelishuv yoʻlidagi soʻnggi toʻsiq Latviya boʻldi, u hozir Moskvaga bosimni yumshatish vaqti emasligini taʼkidlab, kelishuvni qoʻllab-quvvatlashdan hammadan uzoq vaqt bosh tortdi. 22-sentabr kuni Latviya qarorga toʻsqinlik qilmadi, bu esa zaruriy yakdillikka erishish imkonini berdi.

Kontekst

Usmonov va Fridman 2022-yildan beri Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida edi. Yevropa Ittifoqi Usmonovni roʻyxatga kiritish qarorida uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «oʻta yaqin aloqalari»ga ishora qilgan.

2024-yilda Yevropa Ittifoqi sudi Fridmanga qarshi sanksiya qarorlarining bir qismini dalillar yetarli emasligi sababli bekor qildi, biroq bu uning roʻyxatdan chiqarilishiga olib kelmadi, chunki Yevropa Ittifoqi Kengashi u vaqtga kelib allaqachon yangi sanksiya qarorlarini qabul qilgan edi.