Jahon | 15:45 / 05.04.2019
4441
1 daqiqa o‘qiladi

Mey Yevroittifoqdan Brexit’ni 30 iyungacha kechiktirishni so‘radi

Foto: EPA-EFE/OLIVIER HOSLET

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Yevroittifoqdan qirollikning YeIdan chiqish muddatini 30 iyungacha ortga surishni so‘radi. Bu haqda Britaniya vazirlar mahkamasining Yevropa kengashi raisi Donald Tuskka yo‘llangan maktubida aytiladi.

"Buyuk Britaniya hukumati mazkur davr 2019 yil 30 iyungacha uzaytirilishini taklif etadi", - deyiladi maktubda.

Shu bilan birga, Mey Buyuk Britaniya 23-26 may kunlariga mo‘ljallangan Yevropa parlamentiga saylovlarda ishtirok etmasligini ta'kidlagan. 

Britaniya OAVning ma'lumot berishicha, muddatni 30 iyungacha ortga surish haqidagi taklif Meyning vazirlar mahkamasi a'zolari bilan uzoq muzokaralari natijasidir. Britaniya vazirlarining bir qismi imkon boricha qisqa muddatni talab qilayotgan bo‘lsa, boshqalari muddatning uzaytirilishi tarafdori.

Sky News telekanalining xabar berishicha esa, Donald Tusk Buyuk Britaniyaga Brexit’ni 2020 yilning 31 martigacha ortga surishni taklif qilmoqchi.

Mavzuga oid