Xalqaro obligatsiyalar chiqarilishi qo‘shimcha mablag‘larga ehtiyoj yoki budjet defitsitini qoplash uchun emas.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqning farovon turmush kechirishi va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlovchi zamonaviy va samarali iqtisodiyotni shakllantirishga yo‘naltirilgan, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi.
Mazkur islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy qilish va shaffoflikni ta'minlash bilan chambarchas bog‘liq.
2018 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini olinishi hamda joriy yilning fevral oyida 1 milliard AQSh dollari hajmidagi ilk suveren xalqaro obligatsiyalarining jahon moliyaviy bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishi yuqorida qayd etilgan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Ta'kidlanishicha, mamlakatda yetarli darajada fiskal zaxiralar mavjudligi va makroiqtisodiy barqarorlik ta'minlanayotgan bir vaqtda suveren xalqaro obligatsiyalarining chiqarish zamirida qo‘shimcha mablag‘larga ehtiyoj yoki budjet defitsitini qoplash emas, balki quyidagi strategik maqsadlar yotadi:
1. Suveren xalqaro obligatsiyalarini jahon moliyaviy bozorlarida joylashtirilishi mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini xalqaro investorlarga batafsil namoyish etib, xorijiy investorlar uchun respublikamizga investitsiya kiritishda suveren riskini to‘g‘ri baholash uchun imkoniyat yaratdi.
O‘zbekiston Respublikasining 5 va 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari bo‘yicha yillik foiz to‘lovlari mos ravishda 4,75% va 5,375% darajasida belgilanishi xalqaro investorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bilan bog‘liq risklarning mo‘'tadil daraja baholanishini ko‘rsatmoqda. Obligatsiyalar chiqarilishidan oldin, ko‘plab xorijiy investorlar 10 yillik O‘zbekiston suveren riski uchun to‘lovni 6-8% dan ortiq baholaganlar.
2. Suveren xalqaro obligatsiyalarining muvaffaqiyatli joylashtirilishi O‘zbekiston uchun bozorda “benchmark” yaratib, yirik davlat korxonalari va banklari uchun jahon moliya bozorlarida o‘z obligatsiyalarini joylashtirish va investitsion loyihalarini mustaqil ravishda moliyalashtirishga o‘tkazish uchun zarur zamin tayyorladi.
3. Suveren xalqaro obligatsiyalarini xarid qilgan xalqaro investorlar tomonidan respublikada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning diqqat bilan kuzatib borishlari tufayli mamlakatda iqtisodiy boshqaruv sohasida islohotlar samarasi uchun zarur bo‘lgan shaffoflik va prudensial yondashuvning izchil amalga oshirilishi ta'minlanadi.















