Shahzoda Uilyam 3 hafta davomida Buyuk Britaniyaning maxsus xizmatlari – Mi-6, Mi-5 va Hukumat aloqasi markazida (GCHQ) stajirovkadan o‘tdi. Bu haqda Kensington saroyi xabarida ma'lum qilindi.
Ta'kidlanishicha, shahzoda stajirovkasining 1-haftasi davomida tashqi razvedka xizmati MI-6, 2-haftasida MI-5 ishi bilan tanishgan. Shahzoda milliy xavfsizlikni himoya qilish, jumladan terrorchilikka qarshi kurash usullari bilan tanishtirilgan.
Uilyam 3-haftada radioelektron razvedka olib boruvchi va Britaniya hukumati va armiyasining axborot himoyasi bilan shug‘ullanuvchi Hukumat aloqasi markazida tajriba orttirgan.
“Xavfsizlik xizmati va razvedkamizda o‘tkazilgan vaqt, ular milliy xavfsizligimizga qo‘shadigan hissani anglash haqiqatan ham ibratli tajriba bo‘ldi”, deb ta'kidlab o‘tgan shahzoda.
GCHQ’ning terrorchilikka qarshi bo‘limi boshlig‘i shahzoda astoydil mehnat qilganini ta'kidlab o‘tgan.















