Shahzoda Uilyam Estoniyaga, Buyuk Britaniya armiyasining xorijiy missiyasiga tashrif buyurdi. U Boltiqbo‘yi davlatini Rossiyadan kelayotgan ehtimoliy tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan tadbirlarida ishtirok etgan britaniyalik qo‘shinlar bilan uchrashdi, deb xabar berdi BBC.

Nashr shahzodaning harbiy kiyimda, Challenger 2 tankida, shuningdek, zirhli jangovar transport vositasida olingan suratlarini e’lon qildi. Bu suratlar Rossiya chegarasi yaqinida olingan.

Shahzoda Uilyam Estoniyadagi bazaga tashrifi chog‘ida harbiylar bilan uchrashdi

«Agar qirollik xonadoni a’zolarining tashriflariga ramziy signal sifatida qaralsa, Uels shahzodasining Estoniyaga qilgan safari va Rossiya chegarasi yaqinida harbiy libosda tank minib suratga tushishi eng to‘g‘ridan to‘g‘ri signallardan biri bo‘ldi deyish mumkin», deb yozadi BBC’ning qirollik oilasi bo‘yicha muxbiri Shon Kaglen.

Estoniyaga ikki kunlik tashrifi doirasida shahzoda Uilyam mintaqada joylashgan Britaniyaning 900 nafar harbiydan iborat kontingenti, jumladan, o‘zi faxriy bosh polkovnik bo‘lgan Mersian polki askarlari bilan uchrashdi.

Uning sharafiga harbiy mashg‘ulotlar o‘tilayotgan Tapa lagerida harbiy poligon bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Estoniyaning ushbu shahridagi baza – NATOning Boltiqbo‘yi mintaqasida «kollektiv xavfsizlik va mudofaa»ni ta’minlashga qo‘shgan hissasi hisoblanadigan «Kabrit» amaliyotining bir qismidir.

Yengida NATO belgisi bo‘lgan shahzodaga ushbu jangovar guruhning dala mashg‘ulotlari namoyish etilgan. Bundan tashqari, u estoniyalik va fransuz harbiy xizmatchilari bilan ham gaplashgan.

U askarlardan «Rossiya chegarasi yaqinida» xizmat qilish qanday bo‘lishi haqida so‘ragan va bu tajriba oldingi mashg‘ulotlar bilan qanchalik farq qilishiga qiziqqan.

Shahzoda Warrior zirhli mashinasida dala mashqlari paytida

Rossiyani tiyib turish amalda shunday ko‘rinishda – va bu baza kuchlar muvozanati qanchalik o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatadi. Estoniya 1991 yilda mustaqillikka erishgunga qadar bu yerda sovet havo mudofaasi bazasi joylashgan bo‘lib, u yerda MiG qiruvchi samolyotlari G‘arb bilan to‘qnashishga shay turardi.