Jahon | 18:07 / 17.04.2019
24218
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik Ra'no Jo‘rayeva “S7 Space” bosh direktori etib tayinlandi

Foto: TASS

Asli toshkentlik Ra'no Jo‘rayeva «S 7 Kosmik Transport Tizimlar» (S7 Space) MChJning bosh direktori lavozimiga tayinlandi. Kompaniya direktorlar kengashining qarori haqida xolding matbuot xizmati xabar berdi. MChJning avvalgi bosh direktori Sergey Sopovning faoliyat muddati tugagan.

Ra'no Jo‘rayeva – sohaning eng kuchli menejyerlaridan biri. S7 Group aviatsiya-kosmik xoldingiga kelishdan avval u bir necha yil davomida “Roskosmos”ning “Yer usti kosmik infratuzilmasi obektlarini ekspluatatsiya qilish markazi” (“TsENKI” – rus.)ni boshqargan. Unga qadar esa transport sohasi loyihalarini rivojlantirish bilan shug‘ullangan. «Eyrport Menedjment Kompani Ltd» biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor lavozimida Domodedovo aeroport kompleksini rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirgan.

“Kosmik faoliyat kommersializatsiyasi – global trend. Mamlakat rahbariyati va “Roskosmos” kosmos rivojini aynan shunda ko‘rmoqda. S7 Group 20 yildan ortiq vaqt davomida biznesning eng murakkab texnologik turlaridan birida – ichki va tashqi aviatashuvlarda barqaror hamda muvaffaqiyatli raqobatbardoshlikni namoyish etib kelmoqda. Ishonchim komilki, bunday yorqin va g‘ayratli jamoa dasturni amalga oshirishga mas'uliyat bilan yondashadi. Mening fuqarolik aviatsiyasidagi ko‘p yillik tajribam - kompaniya biznes-strategiyasini shakllantirishda, “TsENKI”da bosh direktor lavozimidagi tajribam esa uni ro‘yobga chiqarishda yordam beradi, deb umid qilaman”, - dedi Ra'no Jo‘rayeva.

Ma'lumot uchun: S7 Group – Rossiyaning eng yirik xususiy aviatsion va kosmik xoldingi. U aviatashuvlar, texnik xizmat ko‘rsatish, kosmik kenglikdan foydalanishga oid faoliyat olib boruvchi kompaniyalarni birlashtiradi. Jumladan, oneworld global aviatsion alyans ishtirokchisi S7 Airlines aviakompaniyasi xolding tarkibiga kiradi. Aviakompaniya dunyoning 36 davlatiga 205 yo‘nalish bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshiradi. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, S7 Airlines 15,9 million nafar yo‘lovchini tashigan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida kosmik faoliyatni olib borishga litsenziyaga ega «S 7 Kosmik Transport Tizimlar» (S7 Space) kompaniyasi ham ushbu xolding tarkibiga kiradi.

Ta'kidlash joizki, bundan avval Kun.uz’da “Milliarderlar ishongan o‘zbek ish boshqaruvchici Ra'no Jo‘rayeva haqida bilarmidingiz?” nomli maqola taqdim etilgandi, unda o‘zbekistonlik Ra'no Jo‘rayevaning faoliyatiga doir ma'lumotlar bilan tanishish mumkin.

Mavzuga oid