Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda «Farg‘onada prezidentni aldash uchun unib chiqayotgan chigit ustiga «plyonka» yopishdi» sarlavhasi ostida xabar tarqalgandi. Unda yaqin kunlarda Farg‘ona viloyatiga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi kutilayotgani, davlat rahbari o‘tishi mumkin bo‘lgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani yo‘li yoqasida joylashgan paxta dalalarida unib chiqish arafasida bo‘lgan chigit ustidan plyonka yopilayotgani haqida xabar qilingandi.
Xabarda, shuningdek, tuman hududida katta yo‘l bo‘yidagi maydonlarga ekilgan chigit ustiga sellofan plyonka tortish ishlariga budjet tashkilotidan majburan olib chiqilgani, ular egatlarning ustiga plyonka yopish va uni ikki tomonidan ko‘mish ishlari olib borayotgani, ba'zi joylarda chigit nishlab qolgani haqida aytilib, bu ko‘zbo‘yamachilik fermerlarga katta ziyon keltirishi mumkinligi ham ta'kidlangandi.

Kun.uz muxbiri voqeani to‘liq o‘rganish uchun Oltiariq tumanida bo‘ldi.
Haqiqatan ham ba'zi ekinlar ustidan plyonka yopilgan ekan. Holat bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Avvaliga Oltiariq tumani Bo‘rbonliq qishlog‘idagi «Solijon ota Jalolov» fermer xo‘jaligi rahbari Nozimjon Jalolov holatga izoh berdi.
«Biz aslida 7 aprelda traktorda plyonka ostiga chigit ekishni yakunlagan edik. 11 aprel kungi shamol natijasida ayrim plyonkalarga zarar yetdi. Zarar yetgan joylarni fermer xo‘jaligi a'zolari bilan epaqaga keltirgandik. Biz majburiy tartibda hasharchilarni bunga jalb etganimiz yo‘q. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqatilayotganini kuzatishingiz mumkin. Jamoatchilikdan bunday xabarlarga e'tibor bermaslikni so‘rab qolaman», - dedi Nozimjon Jalolov.
Shu qishloqdagi «Paxtabod» MMTP rahbari Umidjon Rahimov ham o‘z fikrlarini bildirdi.
«Biz xizmat ko‘rsatadigan «Solijon ota Jalolov» fermer xo‘jaligida chigit ekish bo‘yicha agrotexnik ishlar haqiqatan ham 7 aprelda yakunlangan. Bu holat bo‘yicha nima deyishga ham hayronman. Bunday ma'lumotlarni fermerlarimizga qaratilgan hurmatsizlik, deb bilaman. Axir so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan fermerlarga qanchadan-qancha shart-sharoitlar, imtiyozlar, preferensiyalar yaratilmoqda. Buni fermerlarimiz yurakdan his etishmoqda», - dedi Umidjon Rahimov.

Eng so‘ngida tuman hokimi Xolmirza Niyozov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

















