20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot vaziri Pak Ning Xu o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda qayd etilganidek, ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab sohalar, jumladan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, mamlakatimizda tibbiy sug‘urta va elektron sog‘liqni saqlash tizimini yaratish, telemeditsina, tibbiy turizmni rivojlantirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda izchil hamkorlikni alohida ta'kidlash joiz.

Uchrashuvda Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston-Koreya hamkorligi markazini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi alohida ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi. Mazkur markazning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida bilim va tajriba almashinuv faollashishiga yordam beradi. Shuningdek, Memorandumga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishning bosh rejasi, shu jumladan, sohaning huquqiy asoslari, tibbiyot xodimlarining bilimlarini muntazam takomillashtirish, davlat-xususiy sektor hamkorligi hamda tibbiy turizm va tibbiy sug‘urta sohasida mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston-Koreya forumi doirasida Sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid o‘zaro anglashuv memorandumi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Xalqaro hamkorlik jamiyati «KOFIH» o‘rtasida imzolangan ishoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, Koreya Respublikasining Kyong Buk universiteti klinikasi va Samarqand Davlat tibbiyot institutining klinikalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangani ham uchrashuvda alohida e'tirof etildi.

Shu o‘rinda hamkorlik samarasi o‘laroq, ko‘plab yirik loyihalar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida o‘xshashi yo‘q to‘rtinchi avlod bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini bunyod etish ishlari jadal olib borilmoqda. Qiymati 130,58 million AQSh dollarini tashkil etgan markazda ishlaydigan xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Milliy salomatlik sug‘urtasi xizmati o‘rtasida mamlakatimizda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida shartnoma ham imzolangan.