Sport | 10:30 / 24.04.2019
7512
2 daqiqa o‘qiladi

Yekaterina Voronina Osiyo chempionatida oltin oldi, O‘zbekiston umumiy reytingda uchinchi o‘rinda bormoqda

Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilayotgan yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda.

23 aprel kuni yetti kurash yo‘nalishi bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Yekaterina Voronina 6198 ball jamg‘arib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni 5993 ball olgan hindistonlik S.Barman egalladi, uchinchi o‘rin esa 5829 ball jamg‘argan xitoylik Q.Vangga nasib etdi.

Balandlikka sakrash bahslarida esa mahoratli atletlarimiz Svetlana Radzivil va Nadiya Dusanova oltin medal uchun o‘zaro raqobat qilishdi. Bu safar omad Nadiyaga kulib boqdi. U 1,90 metrlik balandlikni zabt etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Svetlana esa 1,88 metr natija bilan bronzaga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Radzivil bilan bir xil natija ko‘rsatgan, biroq urinishlardan unumli foydalanish bo‘yicha ustunlikka eshirgan qozog‘istonlik Nadejda Dubrovskaya egalladi.

Qayd etish kerakki, ushbu uchlik 2018 yil yozida Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ham o‘zaro bellashgan, o‘shanda Svetlana Radzivil birinchi (1,96 ), Nadiya Dusanova ikkinchi (1,94) va Nadejda Dubrovskaya uchinchi o‘rinni (1,84) qo‘lga kiritgan edi.

Eslatib o‘tamiz, yana bir o‘zbekistonlik atlet Ruslan Qurbonov ushbu musobaqada uch hatlab sakrash bo‘yicha bahslarida oltin medalga sazovor bo‘lgan edi.

Qit'a birinchiligida O‘zbekiston jamoasi hozircha 3ta oltin va 1ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Umumiy reytingda birinchi o‘rinda Bahrayn (7-5-2), ikkinchi o‘rinda Xitoy (6-9-6) bormoqda. O‘zbekistonni Hindiston (2-5-4), Yaponiya (2-2-5), Qatar (2-0-1) va Tailand (2-0-1) ta'qib etmoqda.

Bugun musobaqaning so‘nggi kun bellashuvlari o‘tkaziladi.

Mavzuga oid