O‘zbekiston | 00:31 / 30.04.2019
36339
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi - Prezident farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ta'limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanmoqda.

Konsepsiyada quyidagilar nazarda tutiladi:

·       O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) O‘quvchilarning ta'lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

·       uzluksiz ta'lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

·       o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta'lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish;

·       xalq ta'limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish;

·       xalq ta'limi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va budjetdan mablag‘ bilan ta'minlashning samaradorligini oshirish;

·       yoshlarni tarbiyalash va ularning bandligini ta'minlashda maktabdan tashqari ta'limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish;

·       davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat ta'lim tizimida raqobat muhitini kengaytirish;

·       yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;

·       xalq ta'limi tizimida faoliyat ko‘rsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish;

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»si tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, har yili alohida tasdiqlanadigan «Yo‘l xarita»si orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi har yili 1 dekabrga qadar o‘tayotgan yil bo‘yicha tasdiqlangan «Yo‘l xarita»sini puxta o‘rganish asosida kelgusi yil uchun «Yo‘l xarita»si loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish respublika budjeti mablag‘lari, Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Xalq ta'limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari, imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar evaziga amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid