Dam olish kunlari Italiya chempionatida 35-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

TURIN DeRBISIDA KUChLAR TeNG KeLDI

«Yuventus» o‘z maydonida «Torino» bilan o‘ynadi. Chempion uchun bu bahs musobaqa nuqtai nazaridan hech qanday ahamiyat kasb etmasa-da, Allegri Turin shahri derbisiga asosiy tarkibni tushirmaslikka haqqi yo‘q edi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan «Torino»ning esa ishtiyoqi baland bo‘ldi.

1-bo‘lim teng kurashlar ostida o‘tdi. Biroq, mehmonlar raqib xatosidan unumli foydalanib qolishdi. Kuadrado va Pyanichning e'tiborsizligidan so‘ng, to‘pni egallab olgan Lukich darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi. Shundan so‘ng «Torino» ishonchli tarzda o‘ynadi va raqibga o‘z darvozasi oldida xavfli vaziyat yaratishga deyarli imkon bermadi. Biroq katta sahnaga «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu chiqdi. U so‘nggi daqiqalarda Spinatssola tomonidan yetkazilgan to‘pni boshi bilan darvoza to‘riga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi va jamoadoshlarini tanqid o‘qlaridan qutqarib qoldi – fanatlar va rahbariyat uy derbisidagi mag‘lubiyatni oqlamagan bo‘lishardi.

Bu natijadan so‘ng «Yuventus»ning ochkolari 89taga yetdi, «Torino» 57 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda.

Yuventus – Torino 1:1 (0:1, 1:0)
3 may, «Alyans Stedium» stadioni
Gollar: 0:1 – 18 Lukich, 1:1 – 84 Ronaldu.
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu, Bonuchchi, Kellini, Spinatssola, Kuadrado (Mateus Pereyra, 78), Pyanich, Matyuidi, Bernardeski (De Shilo, 85), Ronaldu, Kin.
Torino – Sirigu, Itsso, Nkulu, Bremer, de Silvestri (Dzadza, 89), Meyte, Rinkon, Lukich (Ayna, 79), Ansaldi, Belotti, Berenger (Bazelli, 70).
Ogohlantirishlar: Matyuidi (34), Rinkon (49), Lukich (68), Bonuchchi (71), Bernardeski (82), Bremer (90).

«NAPOLI» 98-DAQIQADA URILGAN GOL EVAZIGA G‘ALABA QOZONDI

«Napoli» o‘z maydonida «Kalyari»ni qabul qildi. Har ikkala jamoaning musobaqadagi kurash ishtiyoqi allaqachon so‘ngan edi. «Napoli» chempionni quvib o‘tolmasligi va 2-o‘rinni ham boy bermasligi aniq, «Kalyari» esa A Seriyadagi o‘rnini saqlab qolgan edi.