Dam olish kunlari Italiya chempionatida 36-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Ularda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«ROMA» JUDA MUHIM O‘YINDA «YuVeNTUS»NI YeNGDI

«Yuventus» Rimga muddatidan oldin chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan holda kelgan bo‘lsa-da, asosiy tarkibni maydonga tushirdi. Turinliklar 5 yildan beri bu yerda g‘alaba qozona olishmayotgandi. «Roma» uchun esa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan vaqtda har bir ochko oltinga teng edi.

Birinchi bo‘limda tashabbus mehmonlar tomonda bo‘ldi. Ular uchta juda yaxshi vaziyatdan unumli foydalana olishmadi. Darvozabon Mirante yarimhimoyachi Kuadrado va hujumchi Dibalaning 2ta xavfli zarbasini qaytara oldi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar faol harakat qilishdi, biroq, «Yuventus» ularning hujumlarini muvaffaqiyatli bartaraf qilib turdi. Bir vaziyatda Krishtianu Ronaldu gol urishga ham erishdi, lekin u ofsayd sababli hisobga olinmadi.

O‘yin oxirida «Roma» bosh murabbiyi Raneri maydonga Underni tushirdi va burilish yasashga muvaffaq bo‘ldi. Aynan uning 2ta uzatmasidan so‘ng Florensi va Jyeko «Yuventus» darvozasini ishg‘ol etishdi.

Bu natijadan so‘ng, «Roma» 62 ochko jamg‘arib, 6-o‘ringa chiqib oldi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun imkoniyatini oshirdi. «Yuventus» hisobida 89 ochko bor.

Roma – Yuventus 2:0 (0:0, 2:0)
12 may, «Stadio Olimpiko»
Gollar: 1:0 – 79 Florensi, 2:0 – 90 Jyeko.
Roma – Mirante, Florensi, Manolas, Fasio, Kolarov, Pellegrini (Kristante, 67), Nzonzi, Dzanolo, Klyuyvert (Under, 78), Jyeko, El-Shaaravi.
Yuventus – Shchensni, De Shilo (Joau Kanselu, 85), Kaseres, Kellini, Spinatssola, Kuadrado, Jan, Pyanich (Bentankur, 71), Matyuidi (Aleks Sandro, 84), Dibala, Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Jyeko (51), Jan (74), Dzanolo (75), Kolarov (90).

«NAPOLI» SAFARDA SPAL QARShILIGINI SINDIRA OLDI

SPAL mavsumning kashfiyotlaridan biri desak yanglishmaymiz. Jamoa bu mavsumda o‘z maydonida juda yaxshi o‘yinlarni namoyish qilib, «Yuventus», «Latsio» va «Roma»ni mag‘lub eta oldi. Ammo «Napoli»ga qarshi o‘yinning musobaqa jadvali uchun ahamiyati yo‘q edi. SPAL A Seriyada qolish vazifasini allaqachon hal qilgan, «Napoli» esa kumush medallarni qo‘lga kiritib bo‘lgan edi.