«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yana bir bor o‘zining perfeksionistligini (mukammallikka intilish) namoyish etdi.

Angliya Kubogi finalida «shaharliklar» «Uotford»ni 6:0 hisobida mag‘lub etishdi va mavsumdagi to‘rtinchi sovrinni qo‘lga kiritishdi (Angliya Superkubogi, Angliya Ligasi Kubogi, APL chempionligi va Angliya Kubogi).

Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi yangragach, murabbiy o‘yinda ikki gol urib, bir golga uzatma bergan Rahim Sterlingga yaqinlashdi-da, uni xatolari uchun tergay boshladi.

Keyinroq murabbiy o‘z xatti-harakatiga izoh berdi.

«Rahim - bu yutuqda asosiy  ishlarni qilgan futbolchilardan biri. Ammo u birinchi bo‘limda uncha yaxshi o‘ynamadi. Men aynan shunday holatlar tufayli «biz bundan ham yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi» deb turaman. U oddiy vaziyatlarda to‘p yo‘qotdi. Men o‘z yordamchi murabbiylarimdan ham menga xatolarimni ko‘rsatib turishni so‘rayman».

Qizig‘i shundaki, shu yilning martida APL doirasidagi o‘yinda ham Sterling «Uotford» darvozasini 3 bor ishg‘ol qilgan va o‘shanda ham o‘yindan keyin Gvardioladan tanbeh eshitgandi.

«U ikki holatda qanot himoyachilarini pressing qilmadi. Ikkinchi vaziyatda u shunchaki raqibni ta'qib qilishni to‘xtatdi. U bir necha marta to‘p yo‘qotdi, buning natijasida raqib qarshi hujumlar uyushtirdi. Men albatta u bugun 3ta gol urganidan xursandman», degandi murabbiy.

Pep futbolchilarga maydonda tanbeh berib turadi

«Bavariya»da bunday holat Joshua Kimmix bilan sodir bo‘lgandi. 2016 yilda u «Borussiya»ga qarshi safar o‘yinida (0:0) markaziy himoyachi sifatida o‘ynagandi va hakam o‘yinni yakunlaganidan keyin Kimmixning qarshisidan Pep chiqib kelgandi.

Jurnalistlar o‘shanda Kimmix tushkunlikka tushib qolishini kutishgandi, ammo aslida barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi.