«Real» hujumchisi Garet Beyl yaqin vaqtlar ichida klubni tark etmoqchi emas.
Nimalar bo‘lmoqda?
«Real»da ishlar chatoq. Madrid klubi tarixidagi eng omadsiz mavsumlardan birini o‘tkazdi va mavsum qanday yomon kechgan bo‘lsa shunday yomon yakunlandi. Zinedin Zidan jamoasi Ispaniya chempionatining oxirgi turida «Betis»ga 0:2 hisobida yutqazdi va bu mag‘lubiyat chempionatdagi 12-mag‘lubiyat bo‘ldi. Jamoa chempion «Barselona»dan 19 ochko ortda qolib ketdi - tarixda hech qachon bu jamoalar o‘rtasida bunday katta farq kuzatilmagandi.
Mavsum allaqachon yakunlandi va endi yangi mavsumga tayyorlanish kerak. Lekin «Real»da yana bir jiddiy muammo bor. Garet Beyl nomidagi muammo.
Uelslik futbolchi mavsum yakunidagi uchta uchrashuvda maydonga tushirilmadi. Zidan uni «Vilyarreal» va «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinlarga zayavka qilmagandi, «Betis»ga qarshi o‘yinda esa u o‘yinni oxirigacha zaxira o‘rindig‘ida kuzatdi. Qattiq xafa bo‘lgan Beyl buni o‘z harakatlari bilan ochiq namoyish etdi, hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi yangrashi bilan u jamoadoshlari qatorida muxlislar qarshisiga ularni olqishlash uchun borish o‘rniga kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi.
«Men nima uchun Beylni o‘yinga tushirmadimmi? Chunki bugungi o‘yinga boshqa futbolchilarni tushirishni mo‘ljallab qo‘ygandim. Agar futbolchi jamoa o‘yiniga qo‘shilib ketmasa, men boshqa variantlarni, boshqalardan yaxshiroq ishlaydiganlarni izlashga majbur bo‘laman. Shuning uchun bugun boshqalar o‘ynashdi (Asensio, Isko va Lukas Vaskes». Ortiq hech gap yo‘q. Bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman, lekin klubda qarorni men qabul qilaman. Ha, Garet bu yerda ko‘p vaqt o‘ynadi, ammo o‘tmish bilan emas, bugun va kelajak bilan yashaladi», dedi bunga izoh bera turib Zidan.
Beyl bu borada rasmiy izoh bergani yo‘q. Ammo Radioestadio nashri uning go‘yo kiyim almashtirish xonasida jamoadoshlariga aytgan so‘zlarini keltirdi: «Menda shartnoma bo‘yicha uch yil muddat bor. Agar ular men ketishimni istashsa, har bir mavsum uchun 17 million yevrodan to‘lashlari kerak. Agar ular bunday qilishmasa, men qolaman. Agar bu uch yilni golf o‘ynab o‘tkazishimga to‘g‘ri kelsa, golf o‘ynayman».
Qayd etish kerakki, bu xabarni na Beyl va na uning agenti rad etib chiqmadi. Boshqa bir xorijiy nashr – Independent – esa Zidanning so‘zlarini keltirdi: «Agar menda to‘rtinchi futbolchini almashtirish imkoniyati bo‘lganida ham Beylni maydonga tushirmasdim». Ammo keyinroq bu ibora feykligi ma'lum bo‘ldi.
«Real» nima uchun bu futbolchidan voz kechadi?















