Iyun oyida O‘zbekiston milliy jamoasi uchta o‘rtoqlik o‘yinida qatnashadi. Ektor Kuper hozircha qaysi futbolchilarni yig‘inga jalb qilishini bilmaymiz. Mister Kuper O‘zbekiston chempionatida yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchilarni jalb qilib, milliy jamoaga yangi havo olib kirishiga umid qilamiz. Xo‘sh, Kuper qaysi futbolchilarni milliy jamoaga chaqirishi mumkin?

Biz quyida murabbiy e'tibor bersa arziydigan 12 futbolchining nomini keltirganmiz. Ba'zi nomzodlarni ko‘rib, kulib qo‘yarsiz, lekin milliy jamoa doim yangilanib turishi kerak. Doim bir xil futbolchilar chaqirilaversa, jamoa qotib qoladi. Demak bizningcha, quyidagi futbolchilar yig‘inlarda sinab ko‘rishga munosib.

ZAFAR POLVONOV
Klubi: OKMK.

Shuncha yil «jim yurgan» Zafar nega bir o‘yindagi harakati uchun milliy jamoaga chaqirilishi kerak deysizmi? Nega chaqirilmasligi kerak? Oxirgi 10 yilda O‘zbekiston chempionatida bir o‘yinda 5 ta gol urgan futbolchi bitta va Zafar Polvonov bosh jamoaga chaqirishlari uchun yetarlicha ish qildi. Kuper OKMK – «Qo‘qon-1912» o‘yinidan so‘ng yordamchilariga Zafarning o‘yinlari jamlangan diskni buyurtma qilganiga shaxsan men shubha qilmayman.

Futbolchilar orasida hujumchilar ishonchga ayniqsa mushtoq bo‘lishadi. Jaloliddin Masharipov biz bilan suhbatda Kuperning bir xislatini maqtagandi. Jalolning aytishicha, mister Kuper futbolchilarga xato qilishdan qo‘rqmaslikni aytarkan. Bizningcha, Polvonovni ham qo‘rqmay bosh jamoaga chaqirish kerak. Umid qilamiz Kuper hech bo‘lmasa bitta o‘rtoqlik o‘yinida, hech bo‘lmasa bir necha daqiqa o‘zbek futbolida 10 yillikda takrorlanmagan ishni uddalagan Polvonovga imkon beradi.

UMAR EShMURODOV
Klubi: «Nasaf».

Umar anchadan buyon «Nasaf»da o‘ynab keladi. «Nasaf» bir necha bor «yetakchilarni tarqatish aksiyasi»ni o‘tkazganidan so‘ng Umar ayni vaqtdagi jamoaning yetakchisiga aylangan. Bo‘yi baland va jismoniy jihatdan yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan Eshmurodovga hozircha milliy jamoada o‘ynash nasib qilgani yo‘q. Ammo Berdiyevning yangi yetakchisida bu uchun barcha imkoniyatlar bor. Ko‘rsatkichlari haqiqiy markaziy himoyachilarga xos bo‘lgan Umar mamlakatning eng hurmatga munosib va muxlisi ko‘p jamoalaridan birida tartibli himoyani imkon qadar shakllantirgan. Darvoqe, Umarning himoya markazidagi sherigi G‘olib G‘aybullayev ham yomon o‘yin ko‘rsatmayapti...