Prezident Şavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borişi yuzasidan taqdimot bilan tanişdi.
Xalqaro yölaklardan samarali foydalaniş uçun Özbekistondagi logistika markazlari tarmoğini ham kengaytiriş zarurligi bildirildi.
Xonobod va Angren şaharlari, Yangiyöl, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistikaga ixtisoslaştiriş böyiça berilgan topşiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi. Toşkent şahri, Toşkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oşiriş közda tutilgan. Ularni joylaştiriş, investorlarni jalb qiliş, moliyalaştiriş va zarur infratuzilma bilan taʼminlaş masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotda yuk taşuvlarini raqamlaştiriş va sohada yaşirin iqtisodiyotni qisqartirişga alohida eʼtibor qaratildi.
Yuk taşiş sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot uluşi hali ham 42 foizdan yuqori ekani körsatib ötildi. Mahalliy yuk transportlarining yagona reyestri, elektron buyurtmalarni şakllantiriş va barça transport xizmatlarini birlaştiruvçi elektron tizim mavjud emasligi bu boradagi asosiy muammolardan hisoblanadi.
Şu bois, yagona raqamli transport tizimini yaratiş, taşuvçilar reyestrini şakllantiriş, elektron yöl varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvçi agregator xizmatini joriy etiş taklif qilindi. Xalqaro taşuvlarda elektron ruxsatnomalar almaşinuvini kengaytiriş va yuk harakatini real vaqtda kuzatiş imkoniyatlarini yölga qöyiş çoralari ham körib çiqildi.
Bu orqali taşuvçilar uçun qulaylik yaratiş, norasmiy xizmatlarni qonuniy faoliyatga ötkaziş va sohada şaffoflikni oşiriş közda tutilgan.
Davlat rahbari taqdim etilgan loyihalarning muddatlari, moliyalaştiriş manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilab, ularni özaro uyğun holda amalga oşiriş muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegişli topşiriqlar berildi.













