Men uchun do‘zax - futbol o‘ynash imkoniyatidan mahrum bo‘lishdir. Hammasi mana shunaqa oddiy.

Hayotimning aksariyat qismida men qiyinchiliklarga duch kelmaganman, hammasi juda silliq kechgan va men juda yoshligimdan boshlab, orzularim bilan yashay boshlaganman. 17 yoshimda «Sariq devor» (Dortmundning fanatlar tribunasi) qarshisiga chiqdim. Dunyoning eng buyuk ikki murabbiyi qo‘l ostida o‘ynadim. 22 yoshimda jahon chempionati finalida gol urdim. Rostini aytsam, yosh edim, erishgan narsalarimning qadri haqida unchalik o‘ylamasdim, tabiiyki. Kasal bo‘lib qolganimda esa... Hammasi ketdi. Yo‘q, keling bir boshdan. Avval yaxshi xotiralar haqida gaplashaylik. Masalan, mister Klopp haqida. 

Mening birinchi murabbiyim - u menga 17 yoshimda maydonga tushish imkonini bergandi. Uni hozir «Liverpul»da ko‘rish ham qiziq - u doim, OAV oldida ham juda samimiyligicha qolgan. Doim nimani o‘ylasa, rostini gapiradi. Odamlar maydon chetida Kloppning bir qismini ko‘radilar, xolos. Aslida, uning juda jiddiy tarafi ham bor. O‘n yetti yoki o‘n sakkiz yoshimda, agar mashg‘ulotlarda bor kuchimni bermayotganimni sezib qolsa, meni quvlab oldimga kelar, yelkalarimdan ushlab baqirardi. 

U men bilan qanday muomala qilishni juda yaxshi bilardi. U - ajoyib murabbiy, lekin undagi eng muhim jihat, shaxsiyat, insoniylik jihatidir. Ayniqsa, men kabi yosh futbolchi uchun. U kabi quvnoq insonni uchratmaganman. Hech esimdan chiqmaydi, yozda uni Dyusseldorfda ko‘rib qolgandim. Klopp u yerda soch ektirish bo‘yicha qandaydir mutaxassisning oldiga borgan ekan. Bu Germaniyada shov-shuv bo‘lib ketgandi, u esa, faqat kular, yangi sochlar bilan qanday ajoyib ko‘rinishi mumkinligini menga aytib berardi. Ketayotib esa, menga ko‘zini qisdi va dedi:

- Mario, xavotir olma, men telefon nomerini saqlab qo‘yaman.

- Nega bunaqa deyapsiz?

- Doktorning nomerini aytyapman. Sen uchun. Bir necha yillardan keyin u senga ham kerak bo‘ladi.

U kuldi va ketdi. Aksariyat odamlar bunday holatlardan biroz uyaladilar va indamay qo‘ya qoladilar. Unga esa, farqi yo‘q edi. Ajoyibligicha qolar va bu albatta, atrofdagilarga ham ta'sir qilardi. U menga Dortmundda imkoniyat berdi, buning uchun minnatdor bo‘lishim kerak. O‘n yoshimdan yigirma yoshgacha o‘zim yashaydigan shahar jamoasida yashadim, o‘ynadim, hech qanday muammo his qilmadim. Keyin esa, ketishga qaror qildim.

Ko‘pchilik o‘sha qarorimni tushunmaydi. Bu bir kechada qilinadigan qaror bo‘lmagan, bu qarorga men yil davomida kelganman. «Bavariya» taklifi aslida bir yil oldin tushgan, lekin men rozi bo‘lmagandim. Pep Gvardiola ularning bosh murabbiyiga aylanib, qaytadan taklif etishganda esa, nima qilishni bilmay qoldim.