O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 aprel kungi «Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi №292-sonli qarori bilan amaldagi yo‘l harakati qoidalari tahrirlandi.

O‘zgartirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni keng ommaga tushunarli qilib yetkazish maqsadida Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan videosharh tayyorlandi. Bu haqda Samarqand viloyat IIB YHXB matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Yangi kiritilgan o‘zgarishlarning ayrim muhimlari quyidagilardan iborat. Xususan, kameralar faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerakligi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, DYHXX bilan kelishilgan holda, yo‘l sharoitlari yuqori va kichik tezlikda xavfsiz harakatlanishni ta'minlaydigan hollarda, yo‘llarning ayrim qismlari yoki harakatlanish bo‘laklarida ayrim transport vositalariga harakatlanish tezligini oshirishga va pasaytirishga (tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatib) vakolatlidir.

Transport vositalarini yo‘lning qatnov qismida bir qator qilib, qatnov qismi chetiga parallel ravishda, kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi.

Qoidalarning «Chorrahada harakatlanish» deb nomlangan bobining 98-bandiga kiritilgan o‘zgarish asosida «Aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega».

Shuningdek, ushbu qoidalarning 60-bandida haydovchi o‘ng tomondan yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu o‘zgarish natijasida hozirgi kunda aylana bo‘ylab harakatlanayotgan transport vositasi o‘ng tomondan aylanaga yaqinlashib kelayotgan transport vositasiga yo‘l berishi natijasida aylanada yuzaga keladigan tirbandlik holatlari va kesishmaning o‘tkazuvchanligiga salbiy ta'siri bartaraf etiladi.