Xulen Lopetegi «Sevilya» bosh murabbiyi etib tayinlandi
Ispaniya milliy jamoasi va «Real» klubining sobiq bosh murabbiyi Xulen Lopetegi «Sevilya» bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Klubning ma'lum qilishicha, 52 yoshli mutaxassis bilan 3 yillik shartnoma tuzilgan.
Lopetegi «Sevilya» bosh murabbiyi lavozimida Xoakin Kaparrosning o‘rnini egallaydi. Kaparros avvalroq iste'foga chiqishini bildirgandi. Aprel oyida unda qon saratoni aniqlangan.
La Liganing ortda qolgan mavsumida Andalusiya jamoasi o‘zidan oldingi «Xetafe» bilan teng ochko to‘plagan holda 6-o‘rinni band etdi. Klub keyingi mavsumda Yevropa ligasi guruh bosqichida qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, Xulen Lopetegi 2018 yil oktabr oyida «Real»dagi to‘rt oylik faoliyatidan so‘ng iste'foga chiqarilgandi. U faoliyati davomida «Portu» bosh murabbiyi sifatida ishlagan, Ispaniyaning milliy va turli yoshdagi terma jamoalarini boshqarib, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni bo‘lgan.