Bugungi kunda smartfonimizdagi turli ilovalar va ijtimoiy tarmoqlar bir qarashda hayotimizni yengillashtiradigandek ko‘rinadi. Biroq insonning aqliy qobiliyati axborotni qabul qilish bilangina cheklanmaydi. Olingan barcha ma'lumotlarni tahlil qilish, xotirada saqlash, ularni ijodkorona g‘oyalarga aylantirish uchun miyaga “foydali bekorchilik” onlari ham zarur. Quyidagi maqolada doimiy onlaynlik, boshqacha qilib aytganda vaqtning ko‘p qismini smartfon bilan o‘tkazish, undagi ilova va ijtimoiy tarmoqlardan ko‘z uzolmaslikning salbiy jihatlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Foto: Unsplash

Miyani bo‘shat. Ish juda ko‘p bo‘lsa nima qilish kerak?” kitobida neyropsixiatr Teo Kompernolle rahbarlarni onlayndan voz kechishga chaqiradi. Hech bo‘lmaganda ayrim vaqtlarda onlayn bo‘lmaslik uchun 13 sabab esa quyidagilardan iborat.

1. Doimiy ravishda onlayn bo‘lish – ommaviy aqliy mag‘lubiyat quroli. Intellektual jihatdan samarali bo‘lish uchun diqqat va aql kuchini muayyan vazifaga jamlash lozim. Ana o‘shanda o‘zingizni bir vazifadan boshqasiga o‘tishdan himoya qilgan bo‘lasiz.

2. Doimiy ravishda onlayn bo‘lish sizni doimiy impuls-reaktiv rejimiga olib kiradi. Miyangiz tashabbusni o‘zlashtiradi va siz vaziyatdan kelib chiqadigan, yuzaki – kam o‘ylangan, aniq va optimal bo‘lmagan qarorlar qabul qilishni boshlaysiz.

3. Doimiy onlaynlik axborotni anglash, uni bilim ko‘rinishida qayta ishlash, predmet to‘g‘risidagi to‘liq taassurot, shuningdek shaxsiy g‘oyalarni rivojlantirish kabi ancha murakkab, biroq muhimroq aqliy faoliyatni siqib chiqaradi.

4. Doimiy onlaynlik xodimlarni adxokratlar, tashkilotni esa adxokratiya (lotinchadan ad hoc — «aynan shuning uchun», «maxsus holat bo‘yicha») ga aylantiradi. Vaziyatdan kelib chiqqan, yaxshilab o‘ylanmagan yoki umuman o‘ylanmagan reaksiyalar tanqidiy fikrlash, chuqur tahlil, strategik rejalashtirishni siqib chiqaradi.

5. Doimiy onlaynlik rejimida siz osongina aqliy xatolar va chalkashliklarning qurboniga aylanasiz.

6. Doimiy onlaynlik surunkali ko‘p vazifalilikka olib boradi.