Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz Ivan Golunovmiz». Rossiyadagi nufuzli nashrlar jurnalist himoyasi uchun birlashdi
Rossiyaning «Vedomosti», «RBK» va «Kommersant» nashrlari dushanba kuni muqovasida «My Ivan Golunov» («Biz Ivan Golunovmiz») iborasi bilan chiqish qildi. Shu tariqa, bu gazetalar narkotik saqlashda gumonlanib qo‘lga olingan jurnalistni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
«Biz Ivan Golunovning aybdorligi bo‘yicha taqdim etilgan dalillarni ishonarli deb hisoblamaymiz, uning qo‘lga olinishi jarayoni esa katta shubha uyg‘otadi - tekshiruv vaqtida qonunchilik buzilgan bo‘lishi mumkin», deyiladi gazetalar bayonotida.
Jurnalist 6 iyun kuni Moskvadagi Gullar xiyobonida qo‘lga olingandi. Uni giyohvand moddalar saqlash va sotishda ayblashmoqda, bunday jinoyat uchun esa 20 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.
«Biz Golunovning qo‘lga olinishi va hibs qilinishi uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligini istisno etmaymiz. Biz Ivan Golunovning qo‘lga olinishida ishtirok etgan Ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlarini sinchiklab tekshirishni talab qilamiz», deyilgan bayonotda.
Golunov ishi
Foto: Yevgeniy Feldman / «Meduza»
Asosiy ofisi Latviyada joylashgan «Meduza» internet-nashrining tadqiqotchi jurnalisti Ivan Golunov o‘tgan hafta oxirida Moskvada qo‘lga olingandi.
Uni yirik miqdordagi narkotik moddalarni saqlashda ayblashgan. Uning o‘zi bu ish uyushtirilganini iddao qilmoqda.
Shanba kuni Moskvadagi Nikulin sudi Golunovni sog‘ligidagi muammolarga qaramasdan uy qamog‘iga hukm qildi.
Ivan Golunov sudda o‘zining aybsizligini ma'lum qilgan.
«Men hech qachon narkotik iste'mol qilmaganman, hech narsada aybdor emasman va tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorman», degan u sud majlisida.
«Proyekt» nashrida bildirilgan taxminlarga ko‘ra, jinoiy ish ochilishiga jurnalistning FSB general-polkovniki va uning yordamchisining dafn ishlari bo‘yicha biznesi yuzasidan tayyorlayotgan jurnalistik surishtiruvi sabab bo‘lgan.
«Kimyoviy-toksikologik laboratoriya ekspertlari Golunovning tanasida narkotik moddalarning biologik izlarini aniqlashmadi», dedi Rossiyaning bosh narkologi Yevgeniy Bryun «Rossiya 1» kanali efirida.
Jurnalistni nafaqat uning hamkasblari, balki boshqa soha vakillari ham qo‘llab-quvvatlab chiqishdi. Musiqachilar Boris Grebenshchikov va Oxxxymiron, teleboshlovchilar Vladimir Pozner va Kseniya Sobchak hamda boshqalar o‘z chiqishlarida jurnalistni himoya qilishga chaqirishdi.
«Kinotavr» festivali ochilishida hakamlar guruhini boshqaruvchi aktyor Konstantin Xabenskiy shunday dedi: «Bu festival, hamisha o‘z nuqtai nazariga ega bo‘lgan, hamisha o‘z haqiqati bo‘lgan, hamisha o‘z tomoshabini bo‘lgan. Menimcha, bu festivalning alohida xususiyati. Ammo bu endilikda festivalning zaif nuqtasiga aylanishi mumkin.Bugun haqiqatni yozgani uchun noqulay jurnalistni gumdon qilishmoqda. Ertaga biz bilan ham shunday bo‘lmasligiga kim kafolat beradi».
Mavzuga oid
09:45 / 10.12.2022
Jurnalist Golunov Rossiya IIVdan 1,5 mln rubl undirdi
16:10 / 13.06.2019
Putin Golunov ishi mojarosi ortidan ikki generalni ishdan bo‘shatdi
23:19 / 12.06.2019
«Putin 1 soat ro‘paramda o‘tirdi» - Kremlga Golunovni qo‘llovchi futbolkada kirgan qiz ichkarida nimalar bo‘lganini so‘zlab berdi
21:50 / 12.06.2019