12 iyun ─ Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlandi. 20 noyabr ─ Butunjahon bola kuni, 1 iyun ─ Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni kabi sanalar qatorida bu kun ham alohida nishonlanadi, demakki, bola va uning kamol topishi o‘zida salmoqli masalalarni jamlaydi.

Bola mehnati O‘zbekistonga begona tushuncha emas. Ayrim muddat dalalarda paxta terimi mavzusini bola mehnatisiz ayro tasavvur qilinmadi. Yaqin yillargacha har gal yangi o‘quv yili boshlanishi bilan bir xil «spektakl» takrorlanardi: maktab o‘quvchilari «majburiy-ixtiyoriy» tarzda paxta kampaniyasiga jalb etilar, ba'zi kollej va litseylarda esa terim munosabati bilan hatto qulf solinardi. 

Shu bilan noyabr oxiri, dekabr avvaliga qadar ─ toki dalada bir siqim paxta qolguncha o‘quvchilarning ta'lim olishi o‘lda-jo‘lda ahvolda qolar, sifat ko‘rsatkichlari ham shunga yarasha bo‘lardi. Paxta dalalarida terimchi o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoit esa alohida masala...

Sobiq sovet davridan meros bo‘lib qolgan bu an'ana o‘ta odatiy holga aylanib qolgan, «oq oltin» ning o‘z vaqtida terib olinishi o‘quvchilar ta'limidan ustun turadigan masalaga aylangan edi.

Butun dunyo hamjamiyatida jiddiy tanqid nishoni bo‘lgan bola mehnatidan foydalanish holatiga chek qo‘yish bo‘yicha harakatlar O‘zbekistonda 2008 yildan boshlab qisman, 2013 yilda esa tizimli tarzda amalga oshirila boshlandi. Bunga asosiy sabab esa xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston hukumatiga bolalar mehnatidan foydalanmaslik bo‘yicha talab qo‘yishi va terimda bola mehnatidan foydalanilgani bois O‘zbekiston paxtasiga boykot e'lon qilinishi bo‘ldi.

«Bolalar mehnatiga qarshi kurash harakatining ilk oqimi 2008 yilda boshlangan edi. Shu yili Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar mehnatiga oid ikkita konvensiyasini O‘zbekiston ratifikatsiya qildi. O‘sha paytda ilk bor mustaqil monitoring qilish uchun Xalqaro mehnat tashkilotini O‘zbekistonga kiritishga ruxsat berilgan edi. Hukumat organlari birlashib bolalar mehnatidan qutulish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilgan» , ─ deyiladi Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyevaning xorijiy nashrlardan biriga bergan intervyusida

Tanzila Norboyevaga ko‘ra, bolalarning mehnatga jalb etilishiga asosiy sabab xalqning bu boradagi salohiyati pastligi bo‘lgan. 

«Oilada bola ko‘p-ku, teraversin paxtani, onasiga qarashyapti-da, degan tushuncha bor edi xalqda. Lekin bu og‘ir mehnat turlariga kiritilgani to‘g‘risida ota-onalar hatto bilishmas edi. Bu oilada bolani urib ishlatish emas, bilmaslik tufayli ham bo‘lishi mumkin. Lekin tan olish kerak, maktab va kollejlarda o‘quvchilarni olib ketish holatlari bor edi. Fermerlar bemalol ta'lim muassasalari rahbarlariga murojaat qilib, kelishib olib bolani terimga chiqartirardi. 2013 yildan boshlab Bosh vazir ko‘rsatmasiga asosan bunga chek qo‘yildi» , ─ deya qo‘shimcha qilgan Norboyeva.