Tadbir Odam savdosiga qarşi kuraşiş va munosib mehnat masalalari böyiça milliy komissiya hamda Xalqaro migratsiya taşkiloti hamkorligida taşkil etildi.

Anjumanda odam savdosining zamonaviy tahdidlari, xususan, raqamli texnologiyalar, onlayn yollaş platformalari, firibgarlik sxemalari hamda transmilliy jinoiy tarmoqlar faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan yangi xavflarga e’tibor qaratildi.

Joriy yilda Butunjahon odam savdosiga qarşi kuraşiş kuni munosabati bilan e’lon qilingan global mavzu – “Firibgarlik tuzoğida qolganlar” doirasida raqamli makonda ekspluatatsiyaning oldini oliş, profilaktika çoralarini kuçaytiriş va xavflarni barvaqt bartaraf etiş masalalariga ham urğu berildi.

Konferensiyani oçar ekan, Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga qarşi kuraşiş va munosib mehnat masalalari böyiça milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva Özbekistonda odam savdosiga qarşi kuraşiş inson huquqlarini ta’minlaş, ijtimoiy adolatni qaror toptiriş va munosib mehnatni ta’minlaşga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yönalişlaridan biriga ekanini ta’kidladi.

“Odam savdosiga qarşi kuraşdagi eng katta yutuq – jabrlanganlarni qutqariş emas, balki yangi jabrlanuvçilarning paydo bölişiga yöl qöymaslikdir”, – dedi Tanzila Norboyeva.

Xalqaro migratsiya taşkilotining Özbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Greyning fikriça, “odam savdosi har qaçongidan ham tezroq özgarmoqda. Jinoiy tarmoqlar raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda, ularning transmilliy xususiyati va murakkabligi ortib bormoqda. Şu bois javob çoralari ham nafaqat tergov va jabrlanuvçilarni himoya qiliş, balki ekspluatatsiya sodir bölişidan oldin uning oldini olişga qaratilgan tizimli yondaşuvlarni qamrab olişi lozim”.

Ta’kidlanganidek, kuni keça qabul qilingan “Odam savdosidan jabrlangan şaxslarni aniqlaş va ularni jamiyatga integratsiya qiliş tizimini tubdan takomillaştirişga qaratilgan qöşimça çora-tadbirlar töğrisida”gi prezident farmoni Özbekistonda odam savdosidan jabrlangan şaxslarni erta aniqlaş, ularning ehtiyojlarini baholaş hamda ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar bilan kompleks qamrab olişning mutlaqo yangi tizimini joriy etmoqda.