11 iyun kuni Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar hududidan qaytarilgan 156 nafar ayollar va bolalarga pasport hamda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar taqdim etildi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov feysbukdagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Maxsus komissiyasining bayonotini keltirdi.
«Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan muqaddas Ramazon oyida Suriya davlati hududidan o‘z vataniga qaytarilgan 156 nafar o‘zbekistonliklar reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilmoqda.
12 iyun kuni sanatoriydagi 156 nafar fuqaroning reabilitatsiyasining birinchi bosqichi yakunlandi.
11 iyun kuni maxsus komissiya tomonidan hududlardan viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirokida 47 nafar ayolga fuqarolik pasportlari va 102 nafar bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Marosim doirasida 142 nafar fuqaroga, jumladan 47 ayolga eng kam oylik ish haqining o‘n barobari va 95 nafar bolaga eng kam oylik ish haqining besh barobari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
3 nafar yetim bola «Mehribonlik» uyiga, 3 nafari «Kichkintoy» bolalar uyiga joylashtirildi. 2 nafar bola o‘zining qarindoshlariga vasiylik asosida rasmiylashtirilib berildi. Rossiya Federatsiyasi fuqarolari bo‘lgan 1 ayol va uning 4 nafar farzandi o‘z vataniga qaytarilgungacha reabilitatsiya qilish markaziga joylashtirildi. 1 nafar fuqaro shifoxonada davolanmoqda.
Fuqarolar 12 iyun kuni ertalabdan temir yo‘l transporti va avtomashinalarda viloyatdan kelgan hokim o‘rinbosarlari kuzatuvida yashash joylariga yuborildi. Kunning ikkinchi yarmida ular o‘z yashash manzillariga yetib borishdi.
«Mehr» dasturining birinchi bosqichida 30 maydan 12 iyungacha fuqarolarning reabilitatsiyasi keyingi bosqichiga tayyorlash uchun quyidagi tadbirlar o‘tkazilganiga alohida to‘xtalib o‘tmoqchimiz:
a) Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan bolalarga erkin mavzu bo‘yicha rasmlar chizdirildi, musiqali dastur asosida madaniy hordiq chiqarildi. «O‘zbekiston – Vatanim», «Mening mahallam va oilam» mavzularida ta'lim-tarbiya mashg‘ulotlari olib borildi.
b) Xalq ta'limi vazirligi tomonidan davlat madhiyasi va ramzlari o‘rgatildi. Bolalarning sezgi, xotira, tafakkurlari rivojlanish darajasini aniqlash maqsadida «Lyusher» va «Psixogeometriya» diagnostikalari o‘tkazildi.















