Layfxaker sayti samaradorlikni oshirish, o‘zingizni yaxshiroq his etish va zararli odatlardan xalos bo‘lishda yordam beradigan maslahatlar bilan o‘rtoqlashdi.
Ish kunini qisqartiring
Sakkiz soatlik ish kuni bu – afsona. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, eng samarador mamlakatlar aholisi kuniga 4-6 soat ishlaydi.
Mehnat sifati miqdor omiliga qaraganda ancha muhim. Ko‘pchilik ish joyida bo‘lgan vaqtida sakkiz soatlik kunning yarmidan ko‘pini bag‘ishlamaydi. Qolgani esa ijtimoiy tarmoqlarga sarflanadi.

Olimlarning aniqlashlaricha, qisqa intensiv jismoniy mashqlar o‘rtacha zo‘riqishga ega mashg‘ulotlarga qaraganda samaraliroq ekan. Sifatli hordiq va qayta tiklanish bilan kechadigan yuqori zo‘riqish yaxshi natija beradi. Bu aqliy mehnatga ham tegishli. Maksimal e'tibor bilan kechgan 1-3 soatlik faoliyat 8 soatlik sust mehnatga qaraganda samaraliroq.
Chunki hordiq ham ishning bir qismi.
Aynan tanaffus vaqtida, miya biror narsaga diqqatni qaratganida miyaga eng g‘aroyib g‘oyalar keladi. Shuning uchun yaxshiroq natijaga erishish uchun quvvatning 20 foizini mehnatga, 80 foizini esa hordiq uchun sarflash kerak.
Biroq yodingizda bo‘lsin, hordiq sifatli bo‘lishi lozim. Agar ishda bo‘lmasangiz, u bilan bog‘liq hamma narsani unuting. Tadqiqotlarga ko‘ra, hordiq vaqtida ishlarini psixologik jihatdan unuta oladigan kishilar keyin qat'iyat bilan ishlashadi va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolardan kamroq aziyat chekishadi.
Ishning katta qismini tongda bajaring
Ko‘pchilik tongni o‘ziga kelib olish uchun sarflaydi: qahva ichish, badantarbiya qilish, yangilik va ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish. Psixolog Ron Fridmanning fikriga ko‘ra, bunday qilish yaramaydi, chunki uyg‘ongandan keyingi ilk uch soat eng yuqori diqqatga ega bo‘lgan davr. Miriqib uxlagan bo‘lsangiz, albatta.
Buning bari uyqu vaqtida ong osti va ong erkin parvozda bo‘lishi va dam olishi bilan bog‘liq. Uyg‘onganingizdan keyin ular ijod va aqliy faoliyatga tayyor bo‘ladi. Ana o‘sha 3-5 soatni maksimal darajada diqqatni talab etadigan faoliyatga sarflash uchun eng qulay vaqt.















