16 iyun kuni Superligada 11-tur o‘yinlariga yakun yasaldi. 

Dastlab Bekobodning «Metallurg» «Andijon» mehmoni bo‘ldi.

O‘yinning 38-daqiqasida andijonliklar a'zosi Eldor Mamatkazin hisobni ochgandi, 79-daqiqada mehmonlar vakili Stanislav Andreyev 11 metrlik jarima zarbasidan unumli foydalandi (1:1).

Mazkur o‘yindan so‘ng «Metallurg» 13 ochko to‘plab, 9-o‘rinda bormoqda. «Andijon» esa 9 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi.

Turning markaziy o‘yinida Vadim Abramov boshqaruvidagi Toshkentning «Bunyodkor» klubi o‘z maydonida Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi Qarshining «Nasaf» jamoasiga qarshi maydonga tushdi.

O‘yinning 9-daqiqasida Toshkent klubi vakili Islom Qobilov hisobni ochgan bo‘lsa, 37-daqiqaga kelib mehmon jamoa himoyachisi Dilshod Saitov hisobni tenglashtirdi (1:1).

Bu natijadan so‘ng «qaldirg‘ochlar» ochkolari sonini 18taga yetkazib, turnir jadvalida kuchli uchlikka qaytgan bo‘lsa, 6-o‘rinda borayotgan «Nasaf» hisobida 14 ochko mavjud.

Olmaliqda OKMK Namanganning «Navbahor» klubini qabul qildi. O‘yinning 7-daqiqasida hakam tomonidan olmaliqliklar darvozasi tomon penalti belgilandi. Nuqtaga yaqinlashgan namanganliklar hujumchisi Aleksandr hisobni ochdi. 

O‘yinning so‘nggi daqiqalarida esa mezbonlar vakili Shoxnazar Norbekov hisobni tenglashtirdi va OKMKni qatorasiga 4-mag‘lubiyatdan saqlab qoldi (1:1).

Endilikda, «Navbahor» 15 ochko bilan turnir jadvalida 7-o‘rinda bormoqda, Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi OKMK esa 8 ochko bilan 12-o‘rinda joylashgan.

Bu turda Toshkentning «Paxtakor» klubi mehmonda «Buxoro» klubi ustidan yirik hisobdagi g‘alabaga erishdi (5:0).

«Sherlar» safida Dragan Cheran het-trik qayd etdi, Hojiakbar Alijonov va Yegor Krimets ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishdi.

Shu tariqa, buxoroliklar ketma-ket yettinchi o‘yinda ham g‘alaba qozona olishmadi, «Paxtakor» esa mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda.

Mazkur g‘alabadan so‘ng «Paxtakor» ochkolari sonini 29 taga yetkazib oldi va musobaqa jadvalida yetakchilik qilmoqda. «Buxoro» esa 7 ochko bilan 13-o‘rinni egallab turibdi.