O‘zbekiston prezidentining Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi ijro etuvchi apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi.
Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obektlarini huquqiy muhofaza qilish;
intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi holatini kompleks tahlil qilish, ushbu sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish;
intellektual mulk sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
intellektual mulk masalalari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni, shu jumladan, intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni o‘zaro muhofaza qilish haqidagi xalqaro shartnomalarni tuzish orqali yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash;
intellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlarni o‘tkazishda ishtirok etish;
jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish.
Hujjatga muvofiq, quyidagilar belgilab qo‘yildi:
a) Agentlik:
intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi;
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
b) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik va uni nazorat qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
v) O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va to‘lovlarning 20 foizi miqdoridagi mablag‘lar, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va to‘lovlarning 80 foizi miqdoridagi mablag‘lar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va ma'lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun amalga oshirilgan to‘lovlar, intellektual mulk sohasidagi ma'muriy huquqbuzarlik uchun qo‘llaniladigan ma'muriy jarima summalari, qonunchilikka muvofiq pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armasiga belgilangan tartibda o‘tkaziladi;















