O‘zbekiston | 12:50 / 17.07.2019
8567
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlarini olishda elektron raqamli imzodan foydalanish ixtiyoriy bo‘ldi

Davlat xizmatlari agentligi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida fuqarolar fikrini o‘rganish ishlarini olib borib, doimiy ravishda turli mazmundagi so‘rovlar o‘tkazib turishi natijasida davlat xizmatlarini olishda elektron raqamli imzodan foydalanish ixtiyoriy qilindi.

«Aynan jamoatchilik bilan doimiy aloqa natijasida sohani yaxshilash uchun bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar aniqlanadi.

Demak, davlat xizmatlari sohasida qanday yangiliklar va yengilliklar mavjud?

Birinchidan, uzoq muddat mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda elektron raqamli imzo (ERI) bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. Aslida esa, murojaatni elektron shaklda yuborayotganda aynan ERI fuqarolar shaxsini tasdiqlaydi. Shuning uchun axborot xavfsizligini ta'minlash va shaxsiy identifikatsiya qilishning boshqa muqobil usullari mavjud emasligi sababli, Davlat xizmatlari markazlarida ERI kalitlarini taqdim etish lozim edi. Ta'kidlash kerakki, xizmat uchun to‘lov ham belgilangandi. Bundan tashqari, aholidan ERIni yo‘qotib qo‘ygani (u fleshka yoki boshqa qurilmalarga yozib olinishi belgilangan) va uni olish uchun qayta murojaat qilish talabi yuzasidan ko‘plab norozi kayfiyatdagi e'tiroz va murojaatlar kun sayin ortib borayotgandi.

DXA aholi fikrini inobatga olgan holda qonunchilikka zarur o‘zgartishlar kiritilishi tashabbusi bilan chiqdi. Natijada, ERIni majburiy tartibda qo‘llashga doir talab bekor qilindi, tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

Albatta, Markazlar shaxsni identifikatsiya qilishning turli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo) bilan ta'minlangunga qadar ma'lum vaqt talab etiladi. Shunga qadar ariza beruvchilar tomonidan ERIni olish imkoniyati bo‘lmagan hollarda tegishli so‘rovnomalar qog‘oz ko‘rinishida chop etilib, ariza beruvchining imzosi bilan tasdiqlangandan so‘ng Markaz xodimlarining ERI bilan tasdiqlangan holda vakolatli organlarga yuborilishi ta'minlanadi.

Ikkinchidan, davlat xizmatlaridan foydalanayotganda 10 foiz chegirmaga ega bo‘lmoqchimisiz? Unda elektron xizmatlardan foydalaning!

Endilikda davlat xizmatlarini olish uchun my.gov.uz portali orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lanadigan summadan 90 foiz to‘lanadi.

Uchinchidan, sudlanganlik (yoki sudlanmaganlik) hamda soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma'lumotnomalarni olish uchun endi ariza beruvchi bilan birga uning yaqin qarindoshlari ham (ota-onasi, eri yoki xotini va bolalari) ariza berishi mumkin.

Ko‘rib turganingizdek, Davlat xizmatlari agentligi kelib tushayotgan murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoqlarni doimiy ravishda o‘rganib boradi hamda xalqimizni qiziqtiradigan muammolarning tizimli yechimini topishga harakat qiladi», deyiladi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid