Aholini uy-joy bilan ta'minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, mana shunday ezgu tashabbus va bunyodkorlik tufayli respublikamiz bo‘ylab yuzlab turar joylar qad rostlamoqda. Odamlarning yillar davomida ushalmagan orzulari ro‘yobga chiqmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘layotir.


Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar respublikamiz bo‘yicha jami 602 ta ko‘p qavatli arzon uy-joylar foydalanishga topshirilgan. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 16 ming 937 ta xonadondan iborat jami 411 ta ko‘p qavatli arzon uylar bunyod etilgan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 355 tani tashkil etadi. Davlatimiz rahbari 2018 yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Quvasoy shaharida 5 ta ko‘p qavatli arzon turarjoylar qurish bo‘yicha ko‘rmatma bergan edi. Shu tariqa shaharning “Pakana” MFY hududida 2 ta 5 qavatli va “Yoshlik” MFY hududida 3 ta 5 qavatli, jami 5 ta 5 qavatli 225 xonadonga mo‘ljallangan uylar barpo etilishi boshlangandi.


Kuni kecha “Yoshlik” MFY hududida qurilgan 3 ta 5 qavatli uylarnining kalitlari o‘z egalariga topshirildi. Qayd etish joizki, shu tariqa respublika bo‘yicha 2019 yil dasturi asosida qad rostlayotgan arzon uy-joylarni foydalanishga topshirilishga “start” berildi. Tadbirda tuman hokimi xonadon sohiblariga kalitlarni torshirar ekan, ushbu bunyodkorlik aholini yillar davomida kutilgan orzusi ekanligini ta'kidladi.
Ma'lumot uchun Quvasoyda ko‘p qavatli turarjoy binolari qurilishining oxirgisi 1983 yilga to‘g‘ri keladi. Shundan buyon tumanda birorta ham ko‘p qavatli bino qurilmagan. Albatta, bu uylar shaharning 65 yillik yubeleyiga munosib sovg‘a bo‘ldi.




















