2019 yil 26 iyul kuni Sirdaryo viloyati hokimligida Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilda Sirdaryo viloyatidagi 811 ta fermer xo‘jaligida jami 73,9 ming gektar maydonga chigit ekilgan. Shundan 37,5 ming gektar viloyatdagi 4 ta paxta-to‘qimachilik klasteri hissasiga to‘g‘ri keladi.
Paxtachilikda intensiv texnologiyalarni joriy qilish va hosildorlikni oshirish maqsadida viloyatdagi paxta maydonlarining qariyb 30 ming gektariga qo‘shqator usulida chigit ekilgan. Shuningdek, g‘o‘zani turli hasharotlardan himoya qilish maqsadida biologik usullardan keng foydalanilmoqda. Xususan, umumiy hisobda 36,4 ming gektarga biomahsulotlar bilan ishlov berilgan. Shunga qaramay, ishchi guruhlar tomonidan g‘o‘za maydonlari holati bevosita joyida o‘rganilganda tezlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan qator muammolar aniqlandi. Jumladan, viloyatda g‘o‘za rivoji 20–25 kunga orqada qolganligi aniqlandi.

Joriy yilning aprel–may oylaridagi surunkali yog‘ingarchiliklar va havo haroratining pasayishi oqibatida 22,2 ming gektardan ziyod g‘o‘za maydonlariga (umumiy g‘o‘za maydonining 30 foizi) qaytadan chigit ekildi.
Takroran chigit ekilgan maydonlarining 2 209 gektari (10 foizi) o‘z vaqtida sug‘orilmaganligi, qo‘shimcha oziqlantirilmaganligi, begona o‘tlardan tozalanmaganligi, kultivatsiya qilinmaganligi va turli xil zararkunandalarga qarshi profilaktik ishlov amalga oshirilmaganligi oqibatida rivojlanishdan orqada qolgan.

















