Samarqand tumanidagi O‘rtashiq qishlog‘ida joylashgan, 2017 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mazkur korxonada 40 kishi doimiy ish bilan ta'minlangan. Qurilishda ishlatiladigan 17 turdagi alyuminiy profili ishlab chiqarilgan. Ammo 2018 yilda bino tanlov asosida sotib yuborilgan.


«Salkam qirq kishini ish bilan ta'minlagan, tuppa-tuzuk ishlab turgan korxonamni ko‘r-ko‘rona «nol» qiymatda sotib yuborishdi. Vaholanki, tegishli me'yoriy hujjatlarda qarorida tashlandiq, hech kim foydalanmaydigan davlat tasarrufidagi joylar «nol» qiymatda berilishi ko‘zda tutilgan edi. Biz bu joyga 2017 yildan uch tomonlama shartnoma tuzib, investitsiya kirib, yirik suv inshooti, elektr tarmog‘i tortib keldik, salkam qirq million so‘mga transformator o‘rnatdik. Xitoydan 5 milliard so‘mlik ishlab chiqarish uskunalari olib keldik. Endi esa, hammasidan ayrilib o‘tiribmiz», — deydi «KOMFORT DIZAYN» korxonasi rahbari Behbud Usmonov.
«Bugungi kungacha muammo yuzasidan viloyat hokimligi, prokuratura va boshqa organlarga murojaat qilganman. 2018 yil avgust oyida viloyat hokimi qabulida bo‘lib muammoni aytganimda hokim «qanday qilib ishlab turgan korxona bo‘sh bino bo‘lishi, qanday qilib «nol» qiymatda berilishi mumkin?» deya tanqid qilib, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat boshqarmasining o‘sha vaqtdagi rahbari Sobir Xolmatovga muammoni hal qilish yuzasidan qat'iy topshiriq bergandi. Ammo ertasi kuniyoq boshqarma bizni binodan majburiy chiqarish bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritdi. Boshqarmasi boshlig‘ini izlab borganimizda esa arizasini yozib ishdan ketganini eshitib hech narsaga tushunmay qoldik», — deydi Behbud Usmonov.
Ayni vaqtda bo‘sh turgan binolar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tanlovga qo‘yiladi.

Bo‘sh turgan va foydalanilmaydigan binolar bo‘yicha ma'lumot esa tuman hokimligi tomonidan taqdim etiladi.
Samarqand tumani hokimligi mutasaddilari tadbirkorning oldindan shu binoda ishlab turganini e'tirof etgan holda, bu viloyat miqyosidagi muammo ekani, tenderni viloyat idoralari o‘tkazishini, Samarqand tumani hokimligi binoni «bo‘sh turgan», deya ma'lumot bermaganini ma'lum qildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasida bo‘lganimizda esa aynan Samarqand tuman hokimligi tomonidan 2018 yil 19 yanvarda yuborilgan xat bilan tanishdik. Unda (kuni-kecha vazifasidan bo‘shatilgan) tuman hokimi Shuhrat Jamolov imzosi bilan yuqoridagi tadbirkor faoliyat ko‘rsatib kelgan bino «Bo‘sh turgan bino» sifatida taqdim etilgan. Ammo bundan tadbirkorning ham xabari bo‘lmagan.


















