Sport | 14:10 / 30.07.2019
6363
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir jismoniy tarbiya va sport sohasidagi muammolarni sanab o‘tdi

Bugun, 30 iyul kuni Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining joriy yil birinchi yarim yilligida belgilangan maqsadli vazifalarni bajarish bo‘yicha hisoboti eshitildi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev sohadagi bir qator muammo va kamchiliklarni sanab o‘tdi. Uning aytishicha:

- O‘zbekiston oliy sport sohasida o‘quv-mashqlarning zamonaviy innovatsion usullari, yetakchi davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirishda orqada qolmoqda. Sport federatsiyalarida olib borilayotgan o‘quv-mashqlar bugungi kun talabiga to‘la javob bermaydi. Shu bilan birga sportchilarning muhim xalqaro musobaqalarda ko‘rsatayotgan natijalari qoniqarli emas;

- Murabbiylar va sport hakamlarini tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini to‘la qayta ko‘rib chiqish kerak;

- Sport federatsiyalarining moddiy-texnika bazasini jahon standartlari darajasiga ko‘tarish lozim. Hozirda federatsiyalarda o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun nafaqat zamonaviy qurilmalar, bakli oddiy sovutkich, muzlatkich, choyshab va ovqatlanish anjomlari ham yetarli emas;

- Terma jamoalarga malakali sport vrachlari, tajribali psixolog, diyetolog va massajchi kadrlar yetishmaydi. Ayni paytda federatsiyalarda 75 nafar vrach, 75 nafar massajchi, 21 nafar diyetolog va 21 nafar psixologga ehtiyoj mavjud;

- Sport farmakologiyasi masalasida ham qilinadigan ishlar talaygina. Farmakologiya mutaxassislari va sport tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikning mukammal tizimi yaratilmagan.

- Sport sohasida xalqaro tajribalar chuqur o‘rganilmagan va tahlil etilmagan. Rivojlangan davlatlarning sport tibbiyoti, farmakologiyasi, ilmiy yutuqlari va murabbiylarni tayyorlash metodikasi bo‘yicha ma'lumotlar umuman yo‘q. Xalqaro aloqalar faqat uchrashuvlar tashkil etish bilan chegaralanib qolgan.

Yuqoridagi mavjud muammolarni bartaraf etib, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, zarur sharoitlarni yaratish va o‘quv-mashg‘ulotlar, Respublika musobaqalari sifatini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid