Har bir, ma'lum siyosiy va iqtisodiy qudratga ega bo‘lgan davlat o‘zining xalqaro o‘rnini yuqorilatishga urinadi — siyosiy va iqtisodiy nufuzini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Bunga tabiiy hol o‘laroq qaramoq lozim. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) tuzilgan paytda ham bu kabi maqsadlar ko‘zlanganiga shubha yo‘q — mintaqaning eng qudratli davlati — Rossiya Federatsiyasi mintaqa davlatlari, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z manfaatlarini «yurg‘izish»ni maqsad qilganiga hech bir siyosiy yoxud iqtisodiy tahlilchi shubha qilmaydi.

Xo‘sh, biz YeOIIga kirishimiz kerakmi? Unga a'zolik bizga nima beradi va biz nimani yo‘qotamiz? Bu savollar ustida biroz fikr yuritamiz.

I. Qisqacha kirish

YeOIIga a'zolik masalasi ilk bor prezidentimizning Senat majlisidagi nutqida yangradi. Shundan keyin taniqli iqtisodchi mutaxassislar masalaga doir o‘z fikrlarini aytishdi. Endilikda huquqshunoslarning ham fikr bildirish payti keldi, deb o‘ylayman. Chunki YeOII avvalambor qonun-qoidalarga asoslangan, Yevropa ittifoqining tashkiliy shaklini ma'lum darajada o‘ziga o‘rnak olgan tashkilot bo‘lib, unga a'zo bo‘lish huquq va majburiyatlarni taqozo qiladi.

YeOII haqida qisqacha ma'lumot beradigan bo‘lsak, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston 2011 yildan bojxona ittifoqi, 2015 yildan boshlab esa iqtisodiy ittifoqni tashkil etishgan. Unga 2015 yilda Qirg‘iziston va Armaniston davlatlari a'zo bo‘lib kirgan. Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasi markazida mahsulotlar, xizmatlar, kapital va mehnat kuchi uchun yagona bozorni tashkil etish yotadi. Tashkilotning nizolarni hal etuvchi alohida sudi, Yevroosiyo taraqqiyot banki, shuningdek, Barqarorlik va rivojlanish jamg‘armasi mavjud.

Hozirda O‘zbekiston ikki frontda erkin savdo borasida jadal muzokaralar yuritmoqda: Jahon savdo tashkilotiga a'zolik va Yevropa ittifoqi bilan kengaytirilgan bitim tuzish masalalari.

Prezident bergan ishorasidan biz uchun Yevropa ittifoqi va Jahon savdo tashkiloti bilan muzokaralar tugaganidan so‘ng eng muhim masala bu — eng avvalo MDH davlatlari bozoriga kirish ekanligini taxmin qilsak bo‘ladi. Eng kamida, men shunday tushundim.

II. YeOIIga a'zo bo‘lishning foydalari

Katta bozor. Avvalambor, YeOIIga a'zolik biz uchun 182 milliondan oshiqroq inson istiqomat qiluvchi, qiymati esa 1 trillion 587 milliard AQSh dollariga teng bozorga kirish imkonini beradi. O‘zbekiston bu bozorga o‘zining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda ko‘rishi mumkin.