Ishim tushib onda-sonda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga boraman. Har doim kitobxonlar bilan to‘la zallarni ko‘rib xursand bo‘lasiz. Nafaqat yoshlar, balki o‘rta va undan yuqori yoshdagi foydalanuvchilar ham borligi yana bir karra zavqlantiradi. Hozir yoz oylari bo‘lishiga qaramasdan kutubxona odamlar bilan to‘la. Joy yo‘qligidan yerda o‘tirib dars qilayotganlar ham bor. Soat millari 20:00ga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, zal bo‘shab qolgani yo‘q. Bundan qanday xulosa qilish mumkin?

Demak, foydalanuvchilarda talab bor-u taklif yo‘q (balki imkoniyat yo‘qdir?). Bu bitta axborot-resurs markazidagi holat. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvar holati bo‘yicha respublikada 111ta kutubxona (ta'lim muassalari axborot-resurs markazlaridan tashqari) mavjud. Toshkent shahrining o‘zida 32ta shunday kutubxona joylashgan. Xo‘sh, kun-u tun tartibga o‘tish qanchalik kerak? Yoki hali kutubxonalar bunga tayyormasmi?

«Kunlik foydalanuvchilar soniga nisbatan o‘rinlar soni kamligi 24/7 rejimiga talab borligini anglatadi»

Saodat Abdurahmonova (kitobxon):

Kutubxona 24 soatli rejimda ishlashi uchun yetarlicha talab bor, nazarimda. Talabalar, abituriyentlar, ilmiy tadqiqotchilar kutubxonaning xizmatlaridan eng ko‘p foydalanishadi. Kunlik foydalanuvchilar soniga nisbatan o‘rinlar soni kamligi, kitoblar uyga foydalanishga berilmasligi ham kechki paytda kutubxonadan foydalanishga bo‘lgan talabni oshiradi. Kutubxona yopiladigan soat yaqinlashganda ham aksariyat zallarning 30-40 foizi foydalanuvchilar bilan to‘la bo‘ladi. Bu 24/7 rejimidagi kutubxonaga talab borligini tasdiqlaydi.

Ayniqsa, ko‘pchilik talabalar darsdan keyin ishlaydi. Ishdan keyin darslari bilan shug‘ullanaman, desa kutubxona yopilgan bo‘ladi. Ertalabki soat 9dan kechki soat 6gacha ishda band bo‘ladiganlar soat 19.30dayoq yopiladigan kutubxonadan qachon foydalanadi? Hamma ham o‘zi istagan kitobni sotib ololmasligi mumkin. Bu o‘rinda bosh kutubxona maksimal imkoniyatni yaratishi kerak.

«Kun-u tun ishlash tartibiga birdan o‘tib bo‘lmaydi. Foydalanuvchilar oqimini hisobga olish kerak»

O‘zbekiston Milliy kutubxonasining axborot kutubxona fondlarini komplektlash xizmati rahbari Nasiba Xoldorova:

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ishlash tartibi dushanba-juma kunlari ertalabki soat 9:00dan kechki soat 20:00gacha, shanba-yakshanba kunlarida esa soat 9:00dan soat 17:00gacha etib belgilangan. Davlat bayramlari arafasida - O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, kutubxona direktori tomonidan tasdiqlangan grafik bo‘yicha ishlaydi. Kutubxona davlat bayramlari kunlarida va sanitariya kunlarida (har oyning oxirgi kuni) ishlamaydi. Istisno hollarda (davlat miqyosidagi tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan) kutubxona ish tartibiga o‘zgartirish kiritishi mumkin. Bu to‘g‘risida foydalanuvchilarga oldindan xabar beriladi.