Suratda Putin va Shryoder ustiga samovar hamda tebranma ot haykalchalari qoʻyilgan pech yonida turgani aks etgan.

Kreml bayonotiga koʻra, Putin 7-oktabr ertalab Shryoderning Moskvaga kelganini OAV xabarlaridan bilgan va «eski doʻstini uyiga taklif qilgan».

«Davlat rahbari kecha tugʻilgan kunini nishonlayotganida Gerhard Shryoder Vladimir Putin bilan birga boʻldi», - deyiladi xabarda.

Shryoder Moskvaga nima uchun kelgan?

Sobiq kansler Moskvaga «Globus» gipermarketlar tarmogʻi rahbariyati va xodimlari bilan uchrashish uchun borgan.

Yaqinda u Rossiyadagi Globus gipermarketlarini boshqaruvchi «Giperglobus» kompaniyasi kuzatuv kengashi aʼzosi boʻlgan edi.

Germaniyada uning yangi lavozimi tanqid qilindi

82 yoshli Shryoderning Rossiyadagi kompaniyada rahbarlik lavozimini egallashi Germaniyada tanqidlarga sabab boʻlgan.

Xristian-demokratik ittifoq vakili, Bundestag deputati Roderix Kizevetter bu tayinlovni «Yevropa va oʻz mamlakatiga xiyonat» deb atagan.

Nemis iqtisodchisi Yan Shnellenbax esa sobiq kanslerni keskin tanqid qilib, uning Germaniya sudida ishtirok etish uchun sogʻligʻi yetarli emasligi haqidagi avvalgi xabarlarni eslatgan.

«U Germaniya sudi oldida hozir boʻlish uchun juda kasal ekanini aytishmaganmidi? Nahotki Rossiya pullari shifobaxsh kuchga ega boʻlsa?» - deb yozgan iqtisodchi X ijtimoiy tarmogʻida.

Gerhard Shryoder Germaniya kansleri lavozimini 1998–2005-yillarda egallagan. Keyinchalik u «Rosneft» hamda «Shimoliy oqim» gaz quvuri operatori - Nord Stream kompaniyasi rahbariyatida ishlagan.