O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ichki ishlar organlarining moddiy-texnik ta'minotini hozirgi zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan 2019 yil mart oyida ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalari xodimlarini hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida va laboratoriya sharoitida foydalanishi uchun maxsus kiyimlar bilan ta'minlash to‘g‘risidagi takliflar tayyorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar (murdalar, inson tanasi bo‘laklari va suyak qoldiqlari, qon dog‘lari va boshqa biologik ashyoviy dalillarni olish bilan bog‘liq) hodisa joylarini ko‘zdan kechirishda ekspert-kriminalistning o‘zidan soch tolasi yoki mikrozarracha kabi ashyolar qolishini oldini olish, jinoyatga aloqador DNK namunasi, poyabzal izlari, qo‘l-barmoq izlari, mikrozarracha va biologik turdagi olinadigan ashyoviy dalillar tozaligini ta'minlash maqsadida kombinezon, nafas olish a'zolarini himoyalovchi niqob (respirator), ko‘zni himoyalovchi plastik ko‘zoynak, rezina qo‘lqop (jarrohlikka oid), poyabzal uchun baxilalardan iborat maxsus kiyimini joriy etish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi.

Shuningdek, taklif etilayotgan suv o‘tkazmaydigan matodan tayyorlangan yengil kurtka sutkaning namgarchilik ob-havo sharoitida ochiq joyda ishlayotgan mutaxassisni yopinishini ta'minlaydi hamda yukni yengillashtiruvchi nimcha va bosh kiyimi turli xildagi asboblarni, ya'ni cho‘tka, qaychi, valik, skotch va boshqalarni qo‘llash bilan bog‘liq hodisa joyini ko‘zdan kechirishda qulaylik yaratadi. Shuningdek, yengil kurtka va nimchada nur qaytaruvchi tasmasini mavjudligi mutaxassisni sutkaning tungi vaqtida o‘tkaziladigan ko‘zdan kechirishda xavfdan saqlashga xizmat qiladi.

















