«Ma’rifat» gazetasining 2015 yil 10 oktabr sonida «Amaliy filologiya istiqbollari va uning «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun ijrosiga uyg‘unligi» nomli maqola e'lon qilingan edi. Ushbu maqolada filologiya ilmida dolzarb bo‘lib turgan muammolardan biri mushtariylar e'tiboriga taqdim etilgan. Unda amaliy filologiya sohasi rivojlanishi jamiyat hayoti zaruratidan kelib chiqayotgani ta'kidlangan. Oradan to‘rt yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, muammoning ahamiyatliligi ortgan bo‘lsa ortganki, kamaygan deb bo‘lmaydi. Shu e'tibordan Kun.uz muallif ruxsatiga asosan mazkur maqolani juz'iy qisqartirishlar bilan qayta e'lon qilmoqda.

O‘zbek tilidan amaliy foydalanish samaradorligi vazifalari

Jamiyat taraqqiyotining ma'lum bir pallasida har bir fan bo‘yicha ta'limning qaysi bosqichida nimani, nima maqsadda va qay yo‘sinda o‘qitish masalasi umummilliy muammo darajasiga ko‘tariladi. Natijada muammo yechimiga jamoatchilik diqqat-eʼtibori qaratiladi, tegishli soha ilmiy salohiyati bu muammo yechimiga yo‘naltiriladi. Ta'lim maqsadi belgilanib, ta'lim mazmuni tayyorlanadi, shunga muvofiq ta'lim usuli ishlab chiqiladi. 

O‘tgan asrning 90-yillariga kelib mavjud ona tili ta'limining yaroqsiz holga kelib qolganligi, uni tubdan isloh qilish lozimligi, ta'lim maqsadi, mazmuni va usulini yangilash zarurati ayon bo‘lib qolgan edi.

Yangi davr bilimli shaxsgagina emas, balki bilim olish yo‘llarini puxta o‘zlashtirgan, mustaqil idrok qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan ongli fuqaroga ehtiyoj sezdi. Yangi davr talablari asosida ta'limda ijodiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiluvchi usullarga ustuvorlik berilishiga qaramasdan, til qurilishi haqida ko‘p hollarda amaliy tatbiqdan yiroq, kam samarali lingvistik bilimlar berishdan iborat eski va chayir an'ana hanuz saqlanib qolmoqda.

Mubolag‘asiz ravishda aytish mumkinki, bugungi kunda boshlang‘ich sinflarda deysizmi, tayanch sinflar yoki akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida deysizmi, til qurilishi bo‘yicha beriladigan bilimlar hissasi ona tilidan amaliy foydalanish kompetensiyasidan ancha ustunlik qiladi. Ahvol shu darajaga yetdiki, chuqurroq e'tibor berilsa, ona tili ta'limi maqsadi ijodiy tafakkur sohibi va til imkoniyatini egallagan shaxsni tarbiyalash emas, balki tilshunos olimni yetishtirishga o‘xshab qoldi.

Yangi asrda jamiyatning barcha sohalarini shiddat bilan qamrab olayotgan globallashuv jarayoni dunyo miqyosida tilshunoslikning ham, til ta'limining ham zimmasiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Davr tildan amaliy foydalanish samaradorligini fanning ham, ta'limning ham asosiy vazifasiga aylantirib qo‘ydi. Natijada dunyo fanida tilning ichki qurilishini tavsiflaydigan quruq nazariyabozlikdan