O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki ishlar organlari xodimlariga biriktiriladigan mobil videokamera (bodikamera) vositalari haqida Kun.uz saytida e'lon qilingan «Bodi kameralar bo‘yicha shubhali tender. Unda yutib chiqqan kompaniyaning AQShdagi dala hovliga qanday aloqasi bor?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.
«Joriy yilning 1 avgust kuni kun.uz saytida «Bodi kameralar bo‘yicha shubhali tender. Unda yutib chiqqan kompaniyaning AQShdagi dala hovliga qanday aloqasi bor?» sarlavhali maqolasi chiqqan. Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4075-sonli Qarori talablari asosida ichki ishlar organlari xodimlariga biriktiriladigan mobil videokamera (bodikamera) vositalarini xarid qilish ishlari xato va kamchiliklar bilan amalga oshirilayotgani yuzasidan xabar berilgan.
Xususan, mobil videokamera (bodikamera) vositalari bilan ichki ishlar organlari xodimlarini ta'minlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi hamda mazkur vositalar bilan ichki ishlar organlarini ta'minlash borasidagi tanlovlarda g‘olib deb e'lon qilingan kompaniyaning yuridik manzili va tender komissiyasi xulosasi bo‘yicha shubhali fikrlar aks ettirilgan.
Mazkur masala yuzasidan Ichki ishlar vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi:
1. Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokamera (bodikamera) vositalari bilan ta'minlash yuzasidan joriy yilning yanvar oyida Mudofaa sanoati Davlat qo‘mitasi tomonidan dastlabki konkurs tanlovlari o‘tkazilgan.
Mazkur tanlovda ishtirok etish maqsadida quyidagi 15ta ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini taklif etishgan:
«ANICO kft», «BIEM JSC», «EDESIX», «INFINECOM LLC», «Secure House», «Poly Technologies», «Posco DAEWOO», «SpektoKom» MChJ, «TAR Military&Police Equipment&Training», «TORSVIK Project Engineering», «TeXNODINAMIKA» Aviatsionno-servisnyy sentr, «CEIEC», «DES Ltd», «O'zelektroapparat-Electroshield» AJ, «TELECOM DEVICES PRO».
Biroq, maqolada ko‘rsatib o‘tilgan «ORGSELL» MChJ tomonidan mobil videokamera (bodikamera) vositalarini yetkazib berish yuzasidan hech qanday takliflar kelib tushmagan va ushbu kompaniya loyiha doirasidagi tanlovda ishtirok etmagan.
2. Konkurs tanlovlarining sharti asosida mahsulotlarning (mobil videokamera) sinovlari o‘tkazilishi lozimligidan kelib chiqib, o‘z mahsulotini sinovlarga taqdim etgan 6ta, shu jumladan, «ANICO kft», «INFINECOM LLC», «Secure House», «Poly Technologies», «DES Ltd», «O'zelektroapparat-Electroshield» AJ kompaniyalarining mobil videokamera vositalari aprel-may oylari mobaynida sinovlardan o‘tkazilgan.

















