Xorazm viloyatida zaxkashlarning tutgan o‘rni, ahamiyati juda yuqori. Zaxkash - yer osti suvlarining sizib chiqishi va yig‘ilishi uchun, ya'ni yerning zaxini qochirish, sho‘rini yuvish samaradorligini oshirish uchun mo‘ljallangan katta va chuqur ariqdir. Viloyat hududida yer osti suvlari yuzaga juda yaqin joylashgani tufayli, zaxkashlar tizimi qishloq xo‘jaligida va umuman odamlarning turmushida muhim o‘rinni egallaydi.
Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati, Urganch tumani, Qaychili mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolardan shu mavzuga oid murojaat kelib tushdi. Unda yer osti suvlari sathi ko‘tarilishi natijasida tomorqalarni zax bosib, sho‘rlanishi kuchayib, mevali daraxtlar, ekinlarga qiron yetayotgani haqida shikoyat qilingan edi.

Hozirgi kunda mahallada 500ga yaqin xonadonda 3 mingga yaqin odam istiqomat qilmoqda. Har qanday qishloq aholisi kabi qaychiliklar ham bir qarich yerdan unumli foydalanishga, sabzavot va poliz ekinlari, mevali daraxtlardan hosil olishga, chorva mollari uchun yem-xashak tayyorlashga, bu bilan qo‘shimcha daromad olishga harakat qilishadi. Biroq, so‘nggi yillarda dehqonchilik va chorvachilik qilish uchun sharoit og‘irlashib ketgan.
Hammasiga zaxkashlar ko‘milib qolgani natijasida tomorqalarni zax bosib ketayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Xorazm viloyatida yer osti suvlari sathi ko‘tarilishi bilan bog‘liq muammolar azaldan mavjud. Ammo bu asrlar davomida sinalgan samarali usul – zaxkashlar orqali hal qilingan. Dalalar, uy-joylarga yaqin hududlarda katta ariqlar qazilgan. Natijada, yer osti suvlari sizib, shu zaxkashlarga oqib ketgan, yerlarning zaxi qochib, dehqonchilik uchun yaroqli holga kelgan.

Afsuski, so‘nggi yillarda zaxkashlarga bo‘lgan e'tibor turli sabablarga ko‘ra so‘ndi. Yerning egalari tez-tez o‘zgardi, ko‘plab fermerlarning qo‘lidan o‘tdi. Ba'zan ular o‘z manfaatlari yo‘lida umumxalq ahamiyatiga ega bo‘lgan zaxkashlarni ko‘mib yuborishdi. Ba'zan zaxkashlar tabiiy holda ko‘milib ketdi. Ular qaytadan qazilmadi, tozalanmadi. Mahalliy hokimliklar esa bunga e'tiborni susaytirdi.






















