O‘zbekiston | 09:02 / 16.09.2019
22779
3 daqiqa o‘qiladi

Fermerlarga ortiqcha yetishtirilgan paxta va boshoqli donni mustaqil sotish huquqi beriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil hosili uchun paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi mexanizmini Navoiy, Samarqand va Andijon viloyatlarida tajriba tariqasida joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:

Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshmagan stavkada tijorat banklari tomonidan fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlariga imtiyozli kreditlarni ajratish maqsadida paxta xomashyosini yetishtirish uchun 18 oy, boshoqli don yetishtirish uchun 12 oy muddatgacha Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tijorat banklarida yillik 12 foiz stavkada depozit mablag‘larini joylashtirish;

paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar va xizmatlarni xarid qilishda fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlariga kredit resurslaridan erkin foydalanish huquqini berish;

paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratilgan kreditlarni qoplashga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan foiz xarajatlari stavkasining 8 foizli punkti miqdorida qoplab berish;

Bunda fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlariga kontraktatsiya shartnomasida ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosi va boshoqli donni mustaqil sotish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2019 yil 1 dekabrga qadar aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash va narxning keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida boshoqli donning intervension xaridlarini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid