Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi. Hujjat bilan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ham taqdim etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasida raqobatni himoya qilish va uni rivojlantirishga ko‘maklashish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri oldida hisobdor hisoblanadi, o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Davlat organlari va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ularga ishonib topshirilgan tarmoqlar va hududlarda raqobat muhitini rivojlantirishga javobgardirlar.

Monopoliyaga qarshi siyosat asosiy qoidalar (prinsiplarga) quyidagilar hisoblanadi:

odillik;
musobaqalashish
raqobat neytraliteti;
halollik;
qonuniylik;
iste'molchilar huquqlariga rioya qilish;
samarali, biroq minimal zaruriy davlat aralashuvi;
shaffoflik.
 
Ustun (monopol) mavqe tovar yoki raqamli bozorda xo‘jalik yurituvchi sub'yekt, shaxslar guruhi yoki o‘zaro bog‘lanmagan bir necha shaxsning sotuvchi yoki xaridor sifatida raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, sotuvchilar, xaridorlar va pirovard iste'molchilarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga tovar narxi, hajmi, hududi, sifati, sotish shartlariga hamda innovatsiya darajasiga hal qiluvchi ta'sir ko‘rsatish imkoniyatini beradigan holatidir.

Tovar yoki raqamli bozorda ustun mavqe sifatida:

tabiiy monopoliya sharoitlarida tovarlar ishlab chiqarish va (yoki) sotish faoliyatini amalga oshiruvchi;

bozordagi ulushi ellik foiz va undan ortiqni tashkil etgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektning yoxud shaxslar guruhining holati e'tirof etiladi.