Iqtisodiyot | 14:10 / 18.09.2019
5845
4 daqiqa o‘qiladi

Davstatqo‘m O‘zbekistonning chakana savdo tovar aylanmasi haqida ma'lumot berdi

Respublika bo‘yicha joriy yilning yanvar-avgust oyida chakana savdo tovar aylanmasi 100,2 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,7 %ga o‘sdi. Bundan Davstatqo‘m ma'lumotlari darak beryapti.

Yirik korxonalarning tovar aylanmasi 15,7 trln so‘mni (o‘sish sur'ati 31,2 %), kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning tovar aylanmasi 84,4 trln so‘mni (o‘sish sur'ati 3,1 %), shundan uyushmagan savdo tovar aylanmasi 10,7 trln so‘mni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,1 %ga kamaygan) tashkil etdi.

2018 yilning shu davriga nisbatan respublikaning barcha hududlarida chakana savdo tovar aylanmasining o‘sish sur'atlari kuzatilib, nisbatan yuqori o‘sish sur'atlari Xorazm, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi. 

Chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning tovar aylanmasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,2 %ga o‘sdi va 15,7 trln so‘mni tashkil qildi. Bu esa umumiy savdo hajmining 15,7 % ulushiga to‘g‘ri keladi. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning chakana savdo tovar aylanmasi hajmi statistik hisob-kitoblarga ko‘ra, 84,4 trln so‘mni tashkil etib, 2018 yilning yanvar-avgust oyiga nisbatan 3,1 %ga o‘sdi. Respublika miqyosida ushbu sektorning jami chakana savdo tovar aylanmasidagi ulushi 84,3 %ga teng kelmoqda. 

Tahliliy natijalarga ko‘ra, chakana savdo tovar aylanmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorliklarining ulushi bo‘yicha Qashqadaryo (96,9 %), Jizzax (90,7 %), Toshkent (90,3 %) Surxondaryo (88,7 %) va Namangan (87,6 %) viloyatlari yetakchilik qilmoqda. 

Chakana tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning ulushi 15,7 %ni tashkil etib, eng katta ulush Toshkent shahrida (26,7 %), Xorazm viloyatida (24,3 %), va Buxoro viloyatida (15,0 %) kuzatilgan. 

Aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi 2019 yil yanvar-avgust oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan respublikaning barcha hududlarida (Qashqadaryo (99,0 %) viloyatidan tashqari) o‘sish ko‘rsatkichlarini tashkil etdi. 

Ushbu ko‘rsatkichni boshqa hududlar bilan solishtirganda, eng yuqorisi Toshkent shahri (9,4 mln so‘m), Navoiy (4,0 mln so‘m) va Toshkent (3,8 mln so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning sababi ushbu hududlarda yirik savdo va sanoat tashkilotlari joylashganligidir 

2019 yil yanvar-avgust holatiga o‘rtacha aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi 3,0 mln so‘m (o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 4,8 %ga o‘sgan). 

Shuningdek, 2019 yilning yanvar-avgust oyi mobaynida chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida ovqatlanish tashkilotlarining savdo aylanmasi 2,9 %ni tashkil etib, 2,9 trln so‘mga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,4 %ga o‘sdi. Bunda jami savdo aylanmasining 84,0 % ulushi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Mavzuga oid