O‘zbekiston jahonning eng diqqatga molik investitsion hududlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni sotsializmdan kapitalizmga o‘tkazish harakatlari 50 mlrd dollar YaIM qiymatidagi iqtisodiyotni investorlar nazariga tushirishi kutilyapti, deb yozmoqda Forbes nashri.

«O‘zbekiston – Xitoy tiklayotgan yangi ipak yo‘lidagi yashirin javohir» sarlavhali maqolada muallif, O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lida joylashgan qadimiy shaharlari Toshkent va Samarqand bilan mashhurligiga diqqat qaratgan.

«Bir-biri bilan 344 kilometrlik tezyurar poyezd yo‘li bilan bog‘langan bu shaharlar AQSh-Xitoy savdo urushi avj olayotgan bir paytda jahon savdosida muhim o‘rin tutadi», – deb ta'kidlangan nashrda.

Hozir Toshkentda 1,7 mlrd dollarlik xalqaro biznes va moliyaviy hab barpo etilmoqda. Loyiha sanoat parki, 8ta biznes-markaz, yirik savdo majmuasi, restoranlar va madaniy markaz, shuningdek, 70 gektar maydondagi turar-joy majmualarini o‘z ichiga oladi, deya ma'lumot berilgan Forbes maqolasida.

Muallif Rayner Maykl Prayssning fikricha, O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jahonning eng tez o‘sayotgan iqtisodiyotlaridan biri bo‘lib turibdi.

«Bor-yo‘g‘i ikki yildan ko‘proq vaqt ichida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy yopiqlikdan erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tdi. Mirziyoyev valuta ayirboshlash kursini erkin oqimga o‘tkazdi, moliyaviy egalik huquqini mustahkamladi, strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan biznes turlaridagi davlat ulushini sotish orqali xususiylashtirish tashabbusini bildirdi.

Bu islohotlar ortidan, mamlakat hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda turistlar oqimi 2018 yilga qaraganda 2 baravardan ko‘proqqa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya miqdori esa 2019 yilning birinchi yarmida bir yil oldingiga nisbatan 4 baravarga oshgan», deb yozgan xalqaro nashr.

Qayd etilishicha, G‘arb davlatlarining katta qismi qarzga botgan bir paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi YaIMning 19,8 foizini tashkil qiladi. Fevral oyida mamlakatning ilk xalqaro suveren obligatsiyalari qiymati 1 milliard dollarni tashkil qildi. 10 yil muddatga 5,375 foizdan joylashtirilgan yevrobondlar narxi hozir 110 dollarga teng, ularning daromadliligi 4 foizga tushgan. Standart & Poors va Fitch Ratings agentliklari reytinglarida O‘zbekiston – Boliviya, Braziliya va Bangladesh kabi – o‘rta investitsion darajadan uch pog‘ona pastda, ya'ni BB- kategoriyasida qayd etilgan.